Press "Enter" to skip to content

O‘zbekistonda za faron plantatsiyalari: yangi loyihaning foydasi nimada

Za’farondan olinadigan dorivor xomashyo – qizil rangli gul ustunchasi oktabr-noyabr oylarida teriladi va za’faron tayyorlash punktlariga yuboriladi. Bir gektar plantatsiyadan o‘rtacha 4 kilogramm, ikkinchi yili 7-8, keyingi yillarda 15-16 kilogramm dorivor hosil olinadi. Jahon bozorida 1 kilogramm xomashyoning narxi 400 dollardan 1000 dollargacha baholanadi.

Faqat O‘zbekistonda emas. Jahon bozorida piyoz narxi nega keskin oshmoqda?

Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoning bir qator mamlakatlaridagi bozor ishtirokchilari ulgurji savdoda 1 kg piyoz narxi 1 dollarga yetishi haqida gapirmoqda. Bu esa chakana narxlar tez orada 1,5—2 dollarga yetishi mumkinligini ko‘rsatadi.

EastFruit tahlilchilari bu ssenariyning ehtimoli qay darajada yuqori ekani, hozirgi holatning o‘ziga xosligi nimadaligi va bunday noxush prognozlarga qanday asos borligi haqida so‘z yuritdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ular Eron, Pokiston, O‘zbekiston, Niderlandiya, Polsha, Tojikiston, Ukraina, Gruziya, Moldova, Qozog‘iston va Turkiya piyoz bozoridagi vaziyatga oid ma’lumotlarni tahlil qilib, ushbu materialda dastlabki xulosalarni taqdim etdi.

Piyoz bozori muammolari qachon boshlandi?

2022-yil sentabr oyining ikkinchi yarmidan boshlab, Markaziy Osiyo bozorlarida piyozning xalqaro savdosi hajmi keskin oshdi.

Talab faollashishining asosiy omili 2018/19-yilgi mavsumning takrorlanishi kutilganidir, 2018-yil yozida Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi qurg‘oqchilik va kam hosil tufayli hatto Markaziy Osiyo davlatlari ham Polsha, Ruminiya, Germaniya, Niderlandiya va mintaqadagi boshqa mamlakatlarga piyozni avtotransport orqali eksport qilgan.

O‘sha paytda bozorda piyozning umumiy taqchilligi mavjud edi va ayniqsa, qayta ishlash ehtiyojlari uchun ishlatiladigan yirik kalibrli (60 mm dan ziyod) piyozning keskin defitsiti yuzaga kelgan.

2022-yili Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, birinchi navbatda, piyozning jahondagi asosiy eksportyori sanalmish Niderlandiyada ham qurg‘oqchilik kuzatilgani sababli yozdayoq mahsulot narxi ko‘tarila boshlagandi.

Biroq ko‘plab yevropalik savdogarlar yana bir muhim omilni — Ukraina janubida (ushbu mamlakatda piyozni tijorat maqsadlarida yetishtirishning qariyb 80 foizi mazkur hudud ulushiga to‘g‘ri keladi) davom etayotgan urushni hisobga olmadi.

Zero, Ukraina har yili 20 ming tonnaga yaqin sarxil piyoz eksport qilar va ba’zi mavsumlarda ushbu mamlakatdan piyoz eksporti hatto 50 ming tonnadan oshgan edi.

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab, mamlakatning janubiy viloyatlarida piyoz yetishtirish keskin kamaydi va fermerlar u yerda yetishtirishga muvaffaq bo‘lgan piyozni ham Ukrainaning boshqa mintaqalariga va ayniqsa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yetkazib berishning iloji bo‘lmadi.

Shu sababli, Ukraina kutilmaganda, piyozning asosiy importyoriga aylandi va ushbu mahsulotni Polsha, Ruminiya, Moldova, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiyadan sotib oldi.

Bu ham butun mintaqada piyoz narxi o‘sishiga turtki bo‘ldi. Ilgari Ukraina 2022-yilda piyoz sotib olishga majbur bo‘lgan ba’zi mamlakatlarga ushbu mahsulotni muntazam eksport qilgan. Shu ma’noda narxlar bu qadar balandlagani ajablanarli emas.

2022-yilning iyun oyi o‘rtalarida Pokistonda suv toshqinlari sodir bo‘ldi va shu tufayli boshqa ekinlar qatori piyoz hosilining ham katta qismi boy berildi.

Natijada jahondagi eng yirik piyoz eksportyorlaridan biri bo‘lmish Pokiston piyoz importyoriga aylandi.

O‘zbekiston, Eron, Turkiya va hatto Afg‘oniston ham o‘z mahsulotlarini Pokistonga yetkazib bera boshladi. Suv toshqinidan so‘ng 2022-yilning noyabr oyi oxirigacha O‘zbekiston Pokistonga 26 ming tonnaga yaqin piyoz eksport qildi.

Barcha hududlarda narxlar o‘sishda davom etganiga sabablar yetarli, ularning deyarli har birida o‘ziga yarasha muammolar yuzaga keldi.

Anomal sovuq — narxlarning shiddat bilan o‘sishiga yana bir sabab

Oxirgi kunlarda Markaziy Osiyodagi anomal sovuqning piyoz bozoridagi vaziyatga ta’siri jiddiy bo‘ldi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiyadan O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga kirib kelgan anomal sovuq mintaqadagi piyoz zaxiralariga jiddiy zarar yetkazgan.

Buning oqibatida, Qozog‘iston ichki bozorda mahsulot taqchilligi yuzaga kelishidan xavotirlanib, piyoz eksportini butunlay taqiqlashga qaror qildi.

Ayni paytda O‘zbekiston piyozning sof eksportyoridan sof importyoriga aylandi va savdogarlar mintaqa mamlakatlarida katta hajmda mahsulot xarid qilish imkoniyatlarini faol ravishda izlamoqda.

Biroq hammasi u qadar oddiy emas, chunki, Markaziy Osiyo piyozning asosiy eksportyor mamlakatlardan uzoqda joylashgan va shu bois piyoz yetkazib berish qimmatga tushadi.

Shuningdek, ushbu mintaqa mamlakatlarining janubiy hududlaridagi ertapishar piyozning yangi hosili hajmi va uning taqdiri ham aniq emas, chunki sovuq unga ham zarar yetkazishi mumkin.

Ayni paytda na Yevropa va na Markaziy Osiyo mamlakatlarida piyozning ulgurji narxi rekord darajadan oshmadi. Biroq ular yilning ushbu davri uchun rekord narxlardir, demak, mutlaq rekordlar yangilanishi mumkin.

Bozor ishtirokchilarining aksariyati Markaziy Osiyoda narxlar yaqin kelajakda mutlaq rekord darajadan oshib ketishiga, Yevropada esa bahorga borib ushbu natijalarga yetib olinishi va undan oshishga shubha qilishmayapti.

Yuqori narxlar eksport taqiqiga sabab bo‘ldi

O‘zbekiston va Tojikistonda piyozning ulgurji narxi 2022-yil yozida rekord darajaga yaqinlashgan. Shu bilan birga, yilning ushbu davri uchun narxlar rekord daraja hisoblanadi.

O‘zbekistonda o‘tgan hafta oxiriga kelib, piyozning ulgurji narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,8 barobar, Tojikistonda esa 3,1 barobar qimmatlashdi.

Ayni paytda O‘zbekiston bozorlarida piyoz chakana narxlarda 10 ming so‘mgacha sotilmoqda . Narxlar yanada o‘sishi mumkin.

Bu kabi kutilmalar fonida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston joriy mavsumda piyoz eksportini taqiqladi.

Qozog‘istondan piyoz eksporti taqiqlanishi Ukrainada piyoz narxi o‘sishining tezlashishiga olib kelishi mumkin. Chunki oldingi yillarda mamlakat Ukrainaga mahsulot yetkazib bergan.

Shuningdek, butun mintaqadagi piyoz bilan bog‘liq keskin vaziyat, qolaversa, yangi hosilni hali besh oy kutish kerakligi hisobga olinsa, Ukrainada piyoz narxi yanada oshishi prognoz qilinmoqda.

Xuddi shunday, Polshada ham, bahorda piyoz narxi 2019-yilgi rekordlardan oshib ketishi aniq, o‘shanda piyoz 1 kg uchun 90 AQSH sentiga yetgan edi.

Ramazon yaqin

2023-yilning 23-martidan 22-apreliga qadar butun dunyo musulmonlari Ramazon oyi ro‘zasini tutishadi.

Mazkur davrda, odatda, turli mahsulotlar, jumladan, piyoz xaridi hajmi ham ortadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida Ramazon oyida ko‘p osh iste’mol qilinadi. Buning uchun xarajatlar tejalmaydi va faqat yuqori sifatli mahsulotlar xarid qilinadi.

Bu vaqtda O‘zbekiston va Tojikistonning janubiy viloyatlarida ertagi piyoz paydo bo‘lsa-da, yaxshi palov uchun o‘tgan yilgi piyoz kerak bo‘ladi.

Bu holat sabziga ham taaluqli. Shu bois, mart oyining birinchi yarmida ushbu omil tufayli mintaqada piyozga (ya’ni, o‘tgan yilgi piyoz hosiliga) talab keskin oshishi kutiladi.

Aprel oyining ikkinchi yarmida Markaziy Osiyoda piyoz narxi maksimal qiymatga yetishi ehtimoli ham bor.

O‘zbekistonga qancha piyoz kerak?

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023-yilning 20-yanvaridan 30-apreliga qadar aholining piyozga bo‘lgan iste’mol talabi o‘rtacha 346 ming tonnani tashkil etadi.

O‘rganishlar O‘zbekiston hududlarida piyoz zaxirasi miqdori 87 ming tonna va aholi xonadonlarida 232 ming tonna, jami 319 ming tonna piyoz mahsuloti borligini ko‘rsatgan.

Iste’mol talabi doirasida mamlakat aholisi uchun yana 26,5 ming tonna piyoz import qilinishi kerak.

Qayerdan piyoz olib kelsa bo‘ladi

Bu mavsumda Xitoy piyozni, asosan, Osiyo mamlakatlariga eksport qilmoqda, chunki logistika tannarxi hali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga mahsulot yetkazib berishga imkon bermaydi va Xitoy mahsuloti sifat jihatidan har doim ham Yevropa Ittifoqi davlatlarining minimal talablariga javob bera olmaydi. Biroq agar narxlar bunday tezlikda o‘sishda davom etsa, vaziyat o‘zgarishi ham mumkin.

Ayni paytda piyoz bozorida paydo bo‘lgan bo‘shliqni qanday to‘ldirish mumkinligi esa aniq emas. Taomlar retseptida boshqa mahsulotlar piyoz o‘rnini bosa olmaydi.

2023-yilning mart—aprel oylarida yig‘ib olinadigan piyoz hosili Misrda yaxshi bo‘lishiga umid qilsa bo‘ladi. Biroq ko‘rinib turibdiki, Misrdan piyoz sotib olish uchun Yaqin Sharq mamlakatlaridan ham, Yevropa va Osiyodan ham importyorlar allaqachon navbatda turibdi. Bu borada O‘zbekiston uchun ham oson bo‘lmaydi.

Shu ma’noda, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo va Kavkazda kelgusi oylarda piyoz narxi yanada o‘sishi ehtimoli yuqori.

O‘zbekistonda za’faron plantatsiyalari: yangi loyihaning foydasi nimada?

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini ta’minlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar qatorida 2017-2019 yillarda o‘rmon fondi yerlari va fermer xo‘jaliklarida dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etish loyihasi bilan ham tanishdi.

Loyihaga ko‘ra mamlakatning 23 tumanida 50 gektardan ziyod maydonda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish, uning xomashyosidan farmatsevtika sanoatida foydalanish, mahsulotni eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Gulsafsardoshlar oilasiga mansub za’faron shamoldan pana, janub tomonga biroz qiya bo‘lgan, quruq tuproqlarda o‘sadi. Uni ekish muddati o‘simlik tinim davriga o‘tgan vaqtda, ya’ni iyul-avgust oylariga to‘g‘ri keladi. Za’faron tuganak piyozlari 10 santimetr uzoqlikda, 15 santimetr chuqurlikda, 60 santimetr kenglikda ekiladi.

Za’farondan olinadigan dorivor xomashyo – qizil rangli gul ustunchasi oktabr-noyabr oylarida teriladi va za’faron tayyorlash punktlariga yuboriladi. Bir gektar plantatsiyadan o‘rtacha 4 kilogramm, ikkinchi yili 7-8, keyingi yillarda 15-16 kilogramm dorivor hosil olinadi. Jahon bozorida 1 kilogramm xomashyoning narxi 400 dollardan 1000 dollargacha baholanadi.

Bugungi kunda za’faron Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi o‘n beshdan ortiq mamlakatda yetishtiriladi.

Mamlakatda ushbu o‘simlikni ko‘paytirish va plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika bog‘i olimlari tomonidan olib borildi. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, za’faron O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitiga to‘liq mos bo‘lib, uni Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlarining tog‘ va tog‘oldi hududlarida, bog‘ va tokzorlar qator oralarida, o‘rmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjud.

Xalq tabobatida za’faron o‘nlab xastaliklarni davolashda ishlatilgan. Abu Ali ibn Sino za’faron ichish rangni chiroyli, ko‘zni ravshan, yurakni quvvatli, nafas a’zolarini sog‘lom qilishini yozib qoldirgan.

Hozirgi kunda ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uning tarkibida 50 foizdan ortiq bo‘yoq beruvchi krotsin, 2,7 foiz yog‘, 0,32 foiz efir moyi, V, V2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud bo‘lib, ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. O‘simlik o‘ziga xos xushbo‘y hidi, yorqin rang va ta’m berishi bois turli taomlarga qo‘shiladi. Undan qandolat mahsulotlari, kremlar, muzqaymoq tayyorlashda ham foydalaniladi. Za’faron qo‘shilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kungacha sifatini yo‘qotmaydi.

Joriy yildan boshlab Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ va Kitob tumanlarida 4 gektardan, Shahrisabz tumanida 3 gektar maydonda za’faron plantatsiyalarini barpo etish mo‘ljallanmoqda. Ushbu o‘simlikni ko‘paytirish mamlakatimizda dorivor o‘simliklar xomashyosini mahalliy sharoitda yetishtirish, farmatsevtika sanoati ehtiyojini ta’minlash va oziq-ovqat ziravori sifatida eksport qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Loyiha taqdimotida o‘simlikning shifobaxsh xususiyatlari, O‘zbekistonda za’faron plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda tanlangan tumanlar, o‘simlik yetishtirish agrotexnologiyasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Prezident za’faron plantatsiyalarini tashkil etish mahalliy farmatsevtika sanoati uchun xomashyo manbaini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Za’faron yetishtirish uchun mutaxassislar tayyorlash, buning uchun alohida kollejni tanlash va yoshlarni o‘qitish, Toshkent davlat agrar universitetida mutaxassislar tayyorlash lozimligini ta’kidladi.

Za’faron o‘simligini yetishtirish, kelajakda uni ko‘paytirish bo‘yicha markaz tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi. Bu markazda dorivor va oziq-ovqat o‘simliklari turlarini tanlash, ilmiy-tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, yosh kadrlarni sohaga yo‘naltirish, pirovardida chet el ilg‘or texnologiyalarini o‘rganish va eksportni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Boboqul To‘xtayev,
biologiya fanlari doktori, professor.
Aziz Mahmudov,
katta ilmiy xodim-izlanuvchi.
Manba: O‘zA

Comments are closed, but trackbacks and pingbacks are open.