Press "Enter" to skip to content

Komil inson

3. Bolalar jamoasining shakllanish bosqichlari.

Komil inson

1. Mustaqil fikrlovchi erkin shaxsni shakllantirish ta’lim va kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy maqsadi.

2. Shaxsning jamoada qaror topishi, jamoa haqida tushuncha.

3. Bolalar jamoasining shakllanish bosqichlari.

Mustaqil fikrlovchi erkin shaxsni shakllantirish ta’lim va kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy maqsadi. Ijtimoiy munosabatlar ko‘lamining kengayishi o‘sib kelayotgan avlodni o‘ta murakkab xususiyatga ega munosabatlar jarayoniga har tomonlama etuk etib tayyorlash vazifasini qo‘ymoqda. Psixologik, intellektual va fiziologik jihatdan etuk inson hayotiy qarama-qarshilik, xususan, turli buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolish, nosog‘lom turmush kechirish va noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etishdan o‘zini saqlab qola oladi. SHuningdek, shaxsning aqliy salohiyatga egaligi jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlovchi asosiy omildir. O‘zbekiston Respublikasida demokratik va huquqiy jamiyat barpo etilayotgan mavjud sharoitda yosh avlodning mustaqil va erkin fikrlay olishi ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga shaxsiy munosabtini bildirishga imkon beradi. Ijtimoiy borliqda kechayotgan o‘zgarishlarga nisbatan shaxsiy nuqtai nazarning shakllanishi shaxs faolligini ko‘rsatuvchi muhim jihatlardan biridir. Qolaversa, mustaqil fikr egasi bo‘lgan shaxs o‘z imkoniyatlari, qobiliyatini erkin namoyon eta oladi. Muvaffaqiyatli ravishda olib borilayotgan ta’limiy islohotlarning ham asosiy maqsadi erkin, mustaqil fikriga ega barkamol shaxs va malakali mutahassisni tarbiyalab voyaga etkazishdan iboratdir. Bu xususida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov quyidagilarni e’tirof etadi: «Amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi har bir fuqaroning shaxs sifatida shakllanishi uchun, o‘z qobiliyatini, o‘z talantini ishga solib hayotini yanada yaxshilashi, ma’nan boyitishi uchun barcha imkoniyatni yaratib berishdan iboratdir»1.

Komil insonni shakllanirish masalasi barcha davrda ham muhim ijtimoiy vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yilgan. Xususan, zardushtiylik dinida komillikning asosi ezgu fikr, ezgu so‘z va ezgu amal (harakat)dan iborat ekanligi ta’kidlansa, islom ta’limoti g‘oyalariga ko‘ra etuklikning bosh mezoni – ilmlilik, bilimli bo‘lishdir.

SHarq mutafakkirlarining asarlarida ham komil inson qiyofasining yoritilishiga alohida ahamiyat berilgan. Xususan, Abu Nasr Forobiy komil insonni shakllantirish va fozil jamoa (etuk jamiyat)ni shakllantirish tarbiyaning bir butun, yaxlit ikki yo‘nalishi ekanligiga urg‘u beradi. Allomaning fikricha, fozil jamiyat komil inson sa’yi-harakati bilan barpo etilishi mumkin. SHu bois mamlakatni boshqaruvchi shaxs o‘zida eng oliy insoniy fazilatlarni mujassam eta olishi zarur, deb hisoblaydi. «Aql to‘g‘risidagi» risolasida Abu Nasr Forobiy rahbar shaxs qiyofasida namoyon bo‘lishi lozim bo‘lgan o‘n ikki fazilatni keltirib o‘tadi. Bizning fikrimizcha, mazkur fazilatlar har bir zamonaviy shaxsda o‘z aksini topa olishi kerak, zero, ular inson hayotini mo‘’tadil kechishi hamda muayyan kasbiy faoliyatlarni tashkil etishda muvaffaqiyatlarga erishishni kafolatlaydi.

Abu Rayhon Beruniy ham komillikning asosini ilmli bo‘lishda deb hisoblaydi va barcha illatlarning asosiy sababi ilmsizlikdir, deya urg‘u beradi. Allomaning fikricha, axloqiylik, to‘g‘rilik, odillik, tadbirkorlik, o‘zini vazmin tutish, kamtarlik, insof, ehtiyotkorlik, shuningdek, aadolatli va vijdonli bo‘lish komil inson qiyofasida aks etishi zarur bo‘lgan eng asosiy sifatlardir.

Abu Ali ibn Sino ham kamolotga erishishning birinchi mezon sifatida bilimli bo‘lishni alohida qayd etadi. Bilimli insonning adolatli bo‘lishi esa uning yanada yuksalishini ta’minlaydi, deya baholab alloma, adolatni ruhiy lazzat (ruhiy hotirjamlik)ning muhim ko‘rsatkichi ekanligini uqtiradi.

Alisher Navoiy asarlarida komil inson muammosi markaziy o‘rinni egallaydi va o‘z orzusidagi komil inson shaxsini asarlarining qahramonlari timsolida gavdalantirishga urinadi. Mutafakkir qarashlarida komil inson quyidagi sifatlarga ega bo‘lishi borasidagi g‘oya ilgari suriladi: aqlli, axloqli, bilimli, ijodkor, qobiliyatli, dono, kamtar, insonparvar, sahovatli, sabr-qanoatli, adolatli, muruvvatli, sog‘lom, jismonan baquvvat, mard va jasur1.

Abdulla Avloniy komil insonni tarbiyalash borasidagi qarashlari bilan SHarq mutafakkirlarining fikrlarini boyitar ekan, komil inson qiyofasida, yana shuningdek, vatanparvarlik, hamda intizomlilik sifatlari ham namoyon bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Alloma millat taqdirining jonkuyari sifatida milliy til taraqqiyoti jamiyat ma’naviy rivojini ta’minlovchi asosiy omil, deya baholaydi.

Shaxsning jamoada qaror topishi. Shaxs psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi muayyan jamiyat a’zosi bo‘lib, uning shakllanishi ijtimoiy munosabatlar jarayonida kechadi. Mazkur jarayonda qatnashish asosida u jamiyat tomonidan tan olingan ma’naviy-axloqiy, shuningdek, huquqiy me’yorlar mohiyatini o‘zlashtiradi. Jamiyatning a’zosi sifatida uning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. SHuningdek, shaxsiy ehtiyojlari, manfaatlarini qondirish yo‘lida ham atrofdagilar bilan munosabatga kirishadi.

Shaxs ijtimoiy muhitdan uzilgan holda mavjud bo‘la olmaydi. Buning misoli sifatida R.Kipling tomonidan yaratilgan asardagi Mauglini keltirish mumkin. Garchi, inson bolasi bo‘lsada, ijtimoiy munosabatlar jarayonida ishtirok etish ko‘nikma va malakalari shakllanmaganligi bois odamlar hayotiga moslasha olmaydi.

Bola yoshligidan o‘yin, mehnat va o‘qish faoliyatlarini tengdoshlari bilan birgalikda tashkil etish asosida ijtimoiy muhitga moslasha boradi. Ijtimoiy muhit bolaga borliqni anglash uchungina emas, balki o‘zligini anglash uchun ham imkoniyat yaratadi. Bolaning doimiy ravishda jamoa orasida bo‘lishi, uning jamoa ta’sirida shakllanishi unda ijtimoiy faollikni yuzaga keltiradi.

SHarq mutafakkirlari jamoaning shaxs kamolotini ta’minlashdagi o‘rni va roliga alohida e’tibor berganlar. Xususan, Abu Ali ibn Sino ijtimoiy muhitning shaxsni shakllantirishdagi rolini yuqori baholaydi. Tashqi muhit va odamlar insonning borliq, unda kechayotgan o‘zgarishlar, jarayonlar mohiyatini anglashgagina emas, balki uning xulqida yaxshi va yomon sifatlarning shakllanishiga ham sezilarli ta’sir etishi, shu bois bolalarni tarbiyalashda u mansub bo‘lgan mikromuhit xususiyatini inobatga olishni ta’kidlaydi. Bolani yomon ta’sirlardan saqlash zarurligini uqtiradi.

SHuningdek, alloma o‘qitish samaradorligini ta’minlashda bolalarga jamoa asosida bilimlarni berishni maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi.

Abu Nasr Forobiyning uqtirishicha, inson blshqalar bilan munosabatda bo‘lish, ularning yordami va qo‘llab-quvvatlashlarini his etish ehtiyojiga ega. Ana shu ehtiyojni qondirish yo‘lidagi amaliy harakatlar insonni kamolotga etaklaydi, deb hisoblaydi. Abu Rayhon Beruniy esa shaxsning rivojlanishida o‘zaro yordam, hamkorlik, odamlarga nisbatan hayrihohlik uning ijtimoiy muhitdagi roli va o‘rnini belgilab beradi.

Jamoa haqida tushuncha. Jamoa (lotincha «kollektivus» so‘zining tarjimasi bo‘lib, yig‘ilma, omma, birgalikdagi majlis, birlashma, guruh) bir necha a’zo (kishi)lardan iborat bo‘lib, ijtimoiy ahamiyatga ega umumiy maqsad asosida tashkil topgan guruh demakdir. Zamonaviy talqinda «jamoa» tushunchasi ikki hil ma’noda ishlatiladi. Birinchidan, jamoa deganda bir necha kishilarning muayyan maqsad yo‘lida birlashuvidan iborat tashkiliy guruhi tushuniladi (masalan ishlab chiqarish jamoasi, zavod jamoasi, o‘quv yurti jamoasi, ho‘jalik jamosi va hokazo). Ikkinchidan, jamoa deganda yuqori darajada uyushtirilgan guruh tushuniladi. CHunonchi, o‘quvchilar jamoasi yuqori darajada uyushtirilgan birlashma hisoblanadi.

Jamoada va jamoa yordamida tarbiyalash – tarbiya tizimida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tamoyillardan biridir. Shaxsni shakllantirishda jamoaning etakchi rol o‘ynashi to‘g‘risidagi fikrlar pedagogika fanining ilk rivojlanish davrlaridayoq bildirilgan. Jamoada uning a’zolari o‘rtasidagi munosabatning alohida shakli yuzaga keladi, bu esa shaxsning jamoa bilan birgalikda rivojlanshini ta’minlaydi. Lekin har qanday guruhni ham jamoa deb hisoblab bo‘lmaydi. Jamoa bir qator belgilarga egadirki, mazkur belgilar jamoani kishilarning etarli darajada uyushgan har qanday guruhdan ajratib turadi.

O‘quvchilar jamoasi o‘ziga hoslik kasb etuvchi muhim belgilarga egadir. Quyida jamoa va uning xususiyatlari (belgilari) borasida so‘z yuritamiz.

Jamoa ijtimoiy jamiyatning bir qismi hisoblanadi, unda ijtimoiy hayot va kishilik munosabatlarining barcha me’yorlari o‘z ifodasini topadi. Zero, jamoa jamiyatdagi mavjud munosabatlar tizimida namoyon bo‘lar ekan, jamoa va ijtimoiy jamiyat maqsadi, intilishida o‘zaro birlik, uzviylik, aloqadorlik yuzaga keladi.

SHu bois jamoa hayotining aniq (yagona) maqsadga qaratilganligi va ijtimoiy-g‘oyaviy xususiyat kasb etishi uning etakchi belgisi sanaladi.

Har bir jamoa boshqa jamoalar bilan uzviy aloqadorlikda mavjud bo‘ladi. Muayyan jamoaning har bir a’zosi jamiyat ijtimoiy faoliyatini tashkil etish jarayonida o‘z jaomasi bilan birgalikda ishtirok etadi. Jamoa a’zolarini intilishlarini tushunish, jamoa oldiga qo‘yilgan maqsad mohiyatini chuqur his etish hamda uning shaxsni shakllantirishdagi o‘rni va rolini to‘g‘ri baholay olish jamoa a’zolarining umumiy va xususiy (shaxsiy) maqsad, qiziqishi, ehtiyoj va faoliyatlari o‘rtasidagi birlikni namoyon etadi hamda jamoaning bo‘linishga yo‘l qo‘ymaydi.

Har bir jamoa o‘z-o‘zini boshqarish organiga ega va umumiy jamoaning uzviy qismi sanaladi. SHuningdek, u maqsadning birligi va tashkil qilish xususiyatlari orqali umummilliy jamoa bilan bog‘lanadi. Ijtimoiy jamiyat ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan birgalikdagi faoliyat jamoaning navbatdagi muhim xususiyatidir. Jamoa faoliyatining ijtimoiy-g‘oyaviy yo‘nalishi ham jamoaning faoliyati mazmunida o‘z aksini topishi muhim ahamiyatga egadir.

Jamoa xususiyatini aniqlashda kishilar guruhining yagona ijtimoiy tizimini o‘rnata olishdagi usuli, ya’ni, jamoani tashkil qilish usuli ham muhim hisoblandi.

Pedagogik jihatdan maqsadga muvofiq tashkil etilgan jamoa, xususan, uning a’zolari o‘rtasida o‘zaro ruhiy yaqinlik, ishchanlik, bir-biri uchun g‘amho‘rlik, o‘zaro yordam, jamoa manfaati uchun qayg‘urish, mazkur yo‘lda amaliy harakatlarni tashkil etish hamda javobgarlik hissi qaror topadi.

Birgalikdagi faoliyat umumjamiyat ishi uchun ma’suliyat hissini uyg‘ota borib, jamoa a’zolarini bir-biriga yaqinlashtiradi, a’zolarda jamoaga mansublik hissini paydo bo‘lishiga ko‘maklashadi, jamoa bilan munosabatda bo‘lish ehtiyojini oshiradi. Jamoa a’zolari orasida o‘zaro hissiy birlik (bir-birini yoqtirish hissi) yuzaga keladi. Ushbu munosabat ko‘pincha o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi hamda ular o‘qituvchiik ta’sir ko‘rsatish uchun qo‘l keladi. Jamoa a’zolari o‘rtasidagi ruhiy birlik mazmuni ular orasida hosil bo‘lgan ishchanlik faoliyatining harakteriga bevosita bog‘liqdir.

Jamoaning rasmiy (ishchanlik) va norasmiy (hissiy) tuzilishini bir-biridan farqlash lozim. Jamoaning rasmiy tuzilishi deganda jamoa faoliyatining turli ko‘rinishlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan tashkiliy jihatlari ko‘zda tutiladi. Mazkur jihat bir tomondan jamoa a’zolari o‘rtasida yuzaga kelgan ishchanlik munosabati mazmunini ifoda etsa, ikkinchi tomondan, rahbarlik vazifasini bajaruvchi shaxslar tomonidan jamoa a’zolarining xatti-harakatlari va intilishlarini muvofiqlashtirish yo‘lida tashkil etilayotgan boshqaruv faoliyati mohiyatini yoritishga xizmat qiladi.

Norasmiy tuzilma jamoaning barcha a’zolari o‘rtasidagi shaxslararo ma’naviy-psixologik munosabatlarning umumiy tizimi va mikroguruhni tashqil qiluvchi ayrim a’zolar o‘rtasidagi tanlash munosabatlari mazmunini ifodalaydi. Jamoaning har bir a’zosi mavjud munosabatlar tizimida u yoki bu o‘rinni egallaydi. O‘quvchining jamoadagi o‘rni uning shaxs sifatida shakllanishi va kamolotga erishishiga muhim ta’sir ko‘rsatadi. Maktab yoki sinfdagi rasmiy va norasmiy tuzilmalar bir-biriga muvofiq bo‘lganda, jamoaning rasmiy etakchilari norasmiy munosabatlar tizimida ko‘zga ko‘ringan o‘rinni egallagan holdagina u chinakam jamoa bo‘la oladi. SHuningdek, norasmiy guruhlar (mikroguruhlar) umumjamoa ijtimoiy manfatlari uchun kurashuvchi guruhlar bo‘lgandagina jamoa o‘zini chinakam jamoa tarzida namoyon etishi mumkin.

YAshash joylarida o‘zaro birikkan bolalar guruhlari qanchalik ahil va inoq munosabat asosida tashkil topgan bo‘lmasin haqiqiy jamoa bo‘la olmaydi. CHinakam jamoa ijtimoiy ahamiyatga moyillik faoliyatini tashkil eta olishi, jamoa a’zolari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik va ishchanlik harakteridagi aloqa va munosabalarni qaror toptirishi lozim. Jamoaning majburiylik belgisi unga o‘qituvchiik rahbarlikning yo‘lga qo‘yilishidir.

SHunday qilib, jamoa bir necha (a’zo) kishidan iborat guruh bo‘lib, u ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan umumiy maqsad asosida tashkil topadi. Jamoa tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat uning oldiga qo‘yilgan maqsad mazmunini ifoda etadi. Jamoa a’zolari o‘rtasida qaror topgan o‘zaro birlik, shuningdek, ular o‘rtasida tashkil etiluvchi munosabat jarayonidagi tenglik jamoaga rahbarlik qilish, jamoa a’zolarining guruh etakchilariga bo‘ysunishlari, shuningdek, ular tomonidan jamoa oldidagi javobgarlik hissini anglashlari uchun zamin yaratadi.

Jamoa va uni shakllantirish o‘qituvchiik faoliyatining maqsadi hisoblanidi. Muhim tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan sub’ektlarning alohida namuna ko‘rsatishlari jamoani shakllantirishning muhim vositasi bo‘lib, ushbu vosita yordamida jamoaning barcha yoki muayyan a’zosini tarbiyalash ijobiy samaralar beradi.

Jamoa tomonidan hal etilishi ko‘zda tutilgan etakchi tarbiyaviy vazifa shaxsni har tomonlama tarbiyalash, unda ijobiy sifatlarni tarbiyalash hamda mustahkam hayotiy pozitsiyani qaror toptirishdan iboratdir.

Umumiy o‘rta ta’lim hamda o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalarida jamoani shakllantirish mas’uliyatli vazifa sanaladi.

Maktab jamoasi tarkibida eng barqaror bo‘g‘in – bu muayyan sinflar negizida shakllangan jamoalar sanaladi. Sinf jamoasi tarkibida o‘quvchilar tomonidan amalga oshiriluvchi asosiy faoliyat o‘qish faoliyati sanaladi. Aynan sinf jamoasida shaxslararo aloqa va munosabatlar tarkib topadi. SHuningdek, sinflar jamoalari negizida maktab jamoasi shakllanadi. Maktab jamoasi ikki muhim bo‘g‘in – o‘qituvchilar jamoasi hamda o‘quvchilar jamoasi asosida tarkib topadi. O‘quv yurtlari jamoasi tarkibida o‘quvchilar jamoasi asosiy qismni tashkil etadi. O‘quvchilar jamoasi – bu ijtimoiy ahvoli shuningdek, umumiy saylov organlari oldidagi umumiy javobgarlik, barcha a’zolarning huquq va burchlari tengligi asosidagi o‘zaro birlikka ega o‘quvchilar guruhidir.

O‘quvchilar jamoasi unga rahbarlikni olib boruvchi o‘qituvchilar hamda bolalardan iborat jamoaning murakkab birlashmasi bo‘lib, o‘z-o‘zini nazorat qilish hamda o‘z-o‘zini boshqarish huquqi, shuningdek, o‘ziga hos psixologik muhit va an’analariga ega bo‘ladi.

Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan uzoq muddatli murakkab jarayondir.

Bolalar jamoasining shakllanish bosqichlari. Jamoaning vujudga kelish uchun to‘rt bosqich zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarida dastlab o‘qituvchi butun guruhga talab qo‘yadi hamda mazkur jarayonda jamoa faollarining shakllanishiga alohida e’tibor qaratadi. Navbatdagi bosqichda muayyan darajada shakllangan jamoa faollari (aktivi) jamoa a’zolari oldiga ma’lum talablarni qo‘yadi. Uchinchi bosqichda esa jamoa umumiy holda jamoaning har a’zosidan muayyan tarzdagi faoliyatni olib borishni talab qiladi. So‘nggi (to‘rtinchi) bosqichda esa jamoaning har bir a’zosi o‘z oldiga mustaqil ravishda jamoa manfaatlarini ifoda etuvchi talabni qo‘yish layoqatiga ega bo‘ladi.

Jamoaga qo‘yilayotgan talablar mazmunidagi farq jamoa rivojlanishi bosqichini aniqlovchi yorqin tashkiliy ko‘rsatkich sanaladi. Jamoaning amaliy faoliyati mazmuni, jamoa a’zolarining jamoa oldidagi javobgarligi, ular o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik, shuningdek, ularning xulq-atvori axloqiy kamolot darajalarini ko‘rsatuvchi muhim belgilar sifatida namoyon bo‘ladi. Jamoani shakllantirishda uning hayotini belgilovchi ichki jarayonining mohiyatini inobatga olish zarur.

Jamoaning shakllanish bosqichlarini belgilash shartli hisoblanadi, zero, jamoaning shakllanishi muayyan chegara yoki oraliqqa ega emas. SHunga qaramay o‘qituvchiik nuqtai nazardan jamoaning shakllanishini muayyan bosqichlarga ajratish juda muhimdir. Bolalar jamoasini ma’lum rivojlanish bosqichlarga ajratish alohida ahamiyat kasb etadi. Bolalar jamoasi rivojlanishining har bir bosqichi jamoa a’zolariga nisbatan samarali o‘qituvchiik ta’sir ko‘rsatishning maqbul shakl va metodlarini tanlash imkonini beradi.

Jamoa rivojlanishining birinchi bosqichi. Mazkur bosqichda talab faqat o‘qituvchilar tomonidan qo‘yiladi. Bu jamoa rivojlanishining boshlang‘ich nuqtasidir. Ushbu davrdagi jammoa hali tarbiyalovchi jamoa bo‘lmay, balki «tashkil etuvchi birlik» (sinf yoki guruh) hisoblanadi. Ushbu bosqichda o‘quvchilar o‘qituvchi tomonidan talablarning qo‘yilishiga e’tiborsiz qaraydilar. Jamoa a’zolarining uzluksiz ijodiy faoliyatini tashkil qilish va ularni muayyan (yagona) maqsad atrofida birlashtirishga erishish orqaligina jamoa qaror topadi. O‘quvchilarning jamoa faoliyatida ishtirok etishi tufayli asta sekin boyib boradigan tajriba, faoliyat natijasini birgalikda muhokama qilish, qilinajak ishlarni rejalashtirish jamoa a’zolarida mas’uliyat, javobgarlik, faoliyat biriligi, shuningdek, ishchanlik munosabatining paydo bo‘lishi, shuningdek, o‘quvchilarda jamoa faoliyatiga nisbatan qiziqishni paydo bo‘lishiga olib keladi. Bolalarning jamoa faoliyatini tashkil etish borasdagi tajribaga ega emasliklari bois so‘z yuritilayotgan bosqichda o‘qituvchining asosiy maqsadi jamoa a’zolarini oddiy tarzda uyushtirishdan iborat bo‘ladi.

Ushbu bosqichda o‘qituvchining talabchanligi, jamoaning barcha a’zolariga birday talabni qo‘ya olishi, u tomonidan qo‘yilayotgan talabning qat’iyligi, izchilligi hamda murosasizligi muhim omil hisoblanadi. Bu vaziyatda o‘qituvchining «hukmdorlik» davri uzoq davom etishi mumkin emasligi, bir qarashda intizomning vujudga kelganligi ma’lum bo‘lsada, ayni vaqtda guruh a’zolarining faolliklarini rivojlantirish uchun zarur bo‘luvchi sharoitning hali mavjud bo‘la olmaganligini hisobga olish zarur.

Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faolining paydo bo‘lishi ushbu davr uchun harakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning shunday a’zolaridirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar, o‘qituvchi faoliyati va talabiga nisbatan hayrihohlik bilan munosabatda bo‘ladilar. Faollar o‘qituvchining yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar.

Jamoa rivojlanishining ikkinchi bosqichi. Ushbu bosqich jamoa faolining o‘qituvchi talabini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘z navbatida uning o‘zi bu talablarni jamoa a’zolari zimmasiga qo‘yishi bilan tafsiflanadi. Endilikda o‘qituvchi jamoada paydo bo‘lgan va u bilan bog‘liq muammo, masalalarni yolg‘iz o‘zi hal qilmaydi. Jamoa faoli bilan maxsus tarbiyaviy ish olib borish orqali bu ishga uni jalb etadi. Ushbu bosqichda jamoa hayotini tashkil qilish usuli murakkablashib boradi, ya’ni, jamoa o‘z-o‘zini boshqarishga o‘tadi.

O‘quvchilar amaliy faoliyatining doimiy ravishda murakkablashib borishi mazkur davrining muhim xususiyati sanaladi. Ikkinchi bosqichda jamoaning muhim ishlarini o‘quvchilar tomonidan mustaqil rejalashtirilishi, tadbirlarni o‘tkazishga tiyyorgarlik, uni o‘tkazish hamda faoliyat natijalarini muhokama qilish jamoa faoliyatining ijodiy xususyat kasb etishini ko‘rsatuvchi omillar sanaladi.

Jamoaning ijobiy rivojlanishi uning a’zolarida motiv (rag‘bat)larning paydo bo‘lishi, ijodiy hamkorlik va o‘zaro yordam munosabatlarining tez sur’atlar bilan rivojlanishiga olib keladi.

Jamoada mustaqil faoliyatning yuzaga kelshida jamoa faolining roli beqiyosdir. Ammo jamoa faolining jamoa a’zolari orasida hurmat qozona olishi, ularga namuna bo‘lishi, o‘z burchlarini aniq va puhta bajarishi hamda o‘z mavqelaridan noo‘rin foydalanmasliklari juda muhimdir. Bu o‘rinda A.S.Makarenkoning jamoa faoliga nisbatan «jamoa vijdoni» deya bergan ta’rifini eslab o‘tish joizdir. Jamoa faoli birmuncha imtiyozlar (huquqlar)ga ega bo‘lsada, ayni paytda uning o‘ziga ham oshirilgan talablarning qo‘yilishi maqsadga muvofiqdir.

Jamoaning rivojlanishi bu bosqichda to‘htab qolishi mumkin emas, chunki faoliyat ko‘rsatayotgan kuch jamoaning bir qismigina holos. Bordi-yu, jamoaning rivojlanishi ushbu bosqichda to‘htatib qolinsa, jamoa faolining guruhning boshqa a’zolari bilan qarama-qarshi qo‘yish havfli tug‘ilishi mumkin. Bu bosqichda jamoaning barcha a’zolarining alohida faollik ko‘rsatishga erishishlari zarur sanaladi.

Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichi. Jamoa faliyatida bu bosqich anchagina sermahsul hisoblanadi. A.S.Makarenkoning aniqlashiga ko‘ra, bu davrda butun jamoa «ayrim o‘zini chetga olib qoluvchi, injiq shaxs»larga talab qo‘ya boshlaydi.

Jamoa ishiga ushbu bosqichda faqat faolgina emas, balki uning butun a’zolari qiziqadi. Jamoa hayotidagi uchinchi bosqich, ijtimoiy fikr mavjudligi bilan ifodalanadi. O‘qituvchi mazkur yo‘nalishda maqsadga muvofiq va izchil ish olib borgan sharoitdagina ijtimoiy fikrni shakllantirishga erishishi mumkin. SHu maqsadda u yoki bu tadbir rejasi, jamoaning birgalikdagi faoliyati va uning a’zolari xatti-harakati jamoa bo‘lib muhokama qilinadi, turli mavzularda suhbatlar va ma’ruzalar uyushtiriladi, o‘quvchilar o‘rtasida samarali ahborot vositalari yordamida ijtimoiy-g‘oyaviy, axloqiy, estetik, ekologik, huquqiy, iqtisodiy va hokazo bilimlarning targ‘iboti tashkil etiladi. O‘qituvchi jamoa a’zolarining birgalikdagi faoliyatini tashkil etar ekan, jamoa a’zolarining ijodiy tajribasiga hissa qo‘shish imkonini beradigan o‘zaro munosabatlarini shakllantirishga ta’sir ko‘rsatadigan shakl va metodlardan foydalanadi.

Jamoaning har bir a’zosida ijtimoiy ahamiyatli faoliyatni maqsadga muvofiq ravishda tashkil etish ko‘nikmasini hosil qila olishi jamoa a’zolari orasida barqaror insoniy munosabatlarning tarkib topishiga yordam beradi.

Jamoada barqaror insoniy munosabatlarning yuzaga kelishining sababi – uning a’zolarini ijobiy, madaniy-ma’rifiy mazmunga ega bo‘lgan ishlarni tashkil etishda faol ishtirok etishlaridir.

Jamoa rivojlanishining uchinchi bosqichda ko‘rsatib o‘tilgan xususiyatlar shundan dalolat beradiki, ushbu bosqichda jamoa faoligina emas, balki jamoaning har bir a’zosi bir-birlariga nisbatan axloqiy mazmundagi talablarni qo‘ya boshlaydilar.

Jamoa rivojlanishining to‘rtinchi bosqichi. Bu bosqich uning barcha a’zolari jamoa oldida turgan vazifalar asosida o‘z-o‘zlariga talablar qo‘ya olishlari bilan tavsiflanadi. SHuni aytish joizki, har bir bosqich jamoa a’zolarining o‘ziga nisbatan muayyan talab qo‘yishi bilan tavsiflanadi, ammo qo‘yilgan har bir talab o‘ziga hos yo‘nalishi (masalan o‘yindan umuminsoniyat bahti yo‘lida kurashishiga intilish o‘rtasidagi farq) bilan ajralib turadi.

To‘rtinchi bosqich jamoa a’zolarining o‘ziga nisbatan yuksak axloqiy talablar qo‘ya olishlari bilan ahamiyatlidir. Jamoaning hayoti va faoliyati mazmuni jamoa a’zolarining har biri uchun shaxsiy ehtiyojga aylanadi. Jamoadagi tarbiya jarayoni o‘z-o‘zini tarbiyalash jarayoniga aylanadi. Biroq bu holat jamoaning muayyan shaxsni yanada rivojlantirishdagi roli va o‘rnini pasaytirmaydi. To‘rtinchi bosqichda amalga oshiriladigan vazifalar ancha murakkab va mas’uliyatlidir. Mazkur bosqichda jamoa oldiga istiqbolli, yuksak va murakkab talablarni qo‘yish uchun mutlaqo qulay sharoit yaratiladi.

Bugungi kunda o‘qituvchi-olimlar (L.I.Nikova va boshqalar) bolalar jamoasining rivojlanish jarayonining mohiyatini tahlil qilar ekanlar, uni qo‘yidagi uch bosqichga bo‘ladilar:

a) jamoani dastlabki jipslashtirish;

b) jamoani shakllantirish asosida uning har bir a’zosini individual rivojlantirish;

v) jamoaning umumiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

Jamoa hayotida muhim o‘rin tutuvchi har bir bosqichni ajratib ko‘rsatish yuqorida bayon etilgan fikrlarga zid emas, balki shaxsning rivojlanishida jamoaning etakchi ahamiyatini ta’kidlaydi.

A.S.Makarenko jamoa a’zolari o‘rtasida yuzaga keluvchi munosabatlarining ichki xususiyatlariga katta ahamiyat bergan edi. Pedagog jamoada shakllangan eng muhim quyidagi belgilarni ajratib ko‘rsatgan edi:

1) major – doimiy tetiklik, o‘quvchilarning faoliyat (harakat)ga tayyorliklari;

2) o‘z jamoasining qadriyatlari mohiyatini tushunish, uning uchun g‘ururlanish asosida o‘z qadr-qimmatini anglash;

3) jamoa a’zolari o‘rtasidagi do‘stona birlik;

4) jamoaning har bir a’zosida qaror topgan do‘stona birlik;

5) tarbiyali, ishchan harakatga yo‘llovchi faollik;

6) hissiyotni boshqara olish hamda muloqot odobiga amal qilish ko‘nikmasi.

Jamoani shakllantirishda jamoa a’zolari va ularning faoliyatlariga qo‘yiladigan yagona talablar muhim ahamiyat kasb etadi.

YAgona talab o‘quvchilarning dars jarayonidagi, tanaffus, sinfdan tashqari ishlar vaqtidagi, shuningdek, jamoat joylari hamda oiladagi xulq-atvor qoidalarni o‘z ichiga oladi.

Puhta o‘ylab qo‘yilgan talablar tizimining muntazam amalga oshirilishi maktabda muayyan tartibning o‘rnatilishini ta’minlaydi.

O‘qituvchilar tomonidan qo‘yilgan talablar quyidagi sharoitlarda ijobiy natija beradi:

1. Qo‘yilayotgan talablar o‘quvchi shaxsini hurmat qilish tuyg‘usi bilan uyg‘unlashgan bo‘lishi kerak.

2. Talablar muayyan maktab yoki sinfdagi mavjud sharoitni hisobga olgan holda qo‘yilishi lozim.

3. Jamoaga nisbatan qo‘yilayotgan talablar aniq bo‘lishi lozim.

4. O‘quvchilarning tashqi qiyofasi, kiyinishi, yurish-turishi hamda muomalasiga nisbatan qo‘yilayotgan talablar, ularda ma’naviy madaniyatni shakllantirishga xizmat qilishi shart.

O‘quvchi qo‘yilayotgan talablar hajmi va tizimini bilibgina qolmasdan, talab qo‘yish metodikasini ham o‘zlashtira olgan bo‘lishi kerak.

O‘quvchilar jamoasiga nisbatan talablarni qo‘yish metodikasi bolalarni talablar mazmuni bilan tanishtirish, talablarning ahamiyatini tushuntirish, tajriba orttirish hamda o‘quvchilar faoliyat, shuningdek, qo‘yilayotgan talablarning bajarilish holatini muntazam suratda nazorat qilib turishdan iborat.

O‘quvchilarni talablar bilan tanishtirish ko‘pincha umumiy majlislarda amalga oshiriladi, bunda ta’lim muassasasining direktori yoki o‘quv ishlari bo‘yicha direktr o‘rinbosari istiqbol rejalari va ularni amalga oshirish jarayonidagi talablar mazmuni bilan o‘quvchilarni tanishtiradi. Batafsil tanishtirish ayrim hollarda amalda ko‘rsatish, keyinroq sinflar bo‘yicha sinf majlislari yoki maxsus suhbatlarni uyushtirish asosida amalga oshiriladi.

Xulq-atvorni tarkib toptirishga yo‘naltirilgan talablar bilan tanishtirish mazkur talablar ustida mashq qildirish bilan qo‘shib olib borilishi kerak. Xulq-atvorni tarbiyalash ongni tarbiyalashga qaraganda ancha murakkab ish. O‘quvchilar talablar mohiyatini yaxshi anglashlari mumkin, biroq aksariyat hollarda ularga rioya qilmaydilar. SHu bois muntazam ravishda mashq qildirish madaniy xulq-atvorni odatga aylantiradi.

Talablarning qo‘yilishi jarayonida ularga o‘quvchilarning amal qilishi ustidan nazorat o‘rnatish lozim. Nazorat qilib borish turli shakllar yordamida amalga oshiriladi, chunonchi, xulq-atvor jurnalini yuritish, sinfdagi navbatchilik uchun stendda baholarni qayd etib borish va boshqalar. Qo‘yilayotgan talablarning bajarilishi yuzasidan olib borilayotgan nazorat muntazam ravishda, izchil olib borilishi va haqqoniy bo‘lishi zarur. Olib borilgan nazorat natijalaridan o‘quvchilarni ogoh etib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Jamoani uyushtirish va jipslashtirish unda faol (aktiv)ni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq. Har bir o‘qituvchining jamoani shakllantirish borasidagi harakti jamoaning tayanch yadrosini tanlashdan boshlanadi.

Jamoa faolini shakllantirish jamoaning u yoki bu faoliyatiga nisbatan ehtiyoji mazmunidan kelib chiqadi.

Ishonchli, ishchan jamoa faolini yaratish uchun o‘qituvchi o‘quvchilar faoliyatini ularning jamoa ishlaridagi ishtiroki, xulq-atvorini kuzatib borishi har bir o‘quvchining ijtimoiy faoliyatni tashkil etish layoqatini aniqlash zarur.

Jamoa faolini shakllantirishda o‘quvchilarning jamoadagi obro‘sini ham inobatga olish lozim. Jamoa faoli tarkibini bolalarning o‘zlari, albatta, o‘qituvchi ishtirokida va rahbarligida tanlasa maqsadga muvofiq bo‘ladi. O‘qituvchi jamoa faoli bilan maslahatlashish asosida tarbiyaviy faoliyatni tashkil etadi.

Jamoa faolining har bir a’zosi zimmasiga muayyan vazifani yuklash, ularning ma’lum davrda ana shu vazifalar yuzasidan hisobot berib borishlariga erishish maqsadga muvofiq. O‘qituvchi aynan faolga oshirilgan talab qo‘yadi. O‘quvchilar jamoasida faol rahbarligida o‘z-o‘zini boshqarish jamoa a’zolaridan ayrimlarining boshqasi ustidan ustun kelishiga olib kelmasligi kerak.

SHu bois o‘qituvchi faolni maqsadga muvofiq faoliyat yuritishini nazorat qilib borishi lozim.

O‘quvchilarning o‘z-o‘zini boshqarishi bu o‘qituvchilar tomonidan tashkil qilinadigan jamoa ishini uyushtirish va boshqarishda o‘quvchilarning faol ishtirok etishidir. O‘z-o‘zini boshqarishning shakllari orasida jamoa a’zolarining yig‘ilishi, konferentsiyasi hamda turli komissiyalar (masalan, o‘quv komissiyasi yoki tozalik komissiyasi) faoliyati muhim o‘rin tutadi.

O‘quvchilar jamoasini shakllantirishda an’analar muhim o‘rin tutadi. Jamoa an’analari jamoa a’zolari tomonidan birdek qo‘llab-quvvatlanuvchi barqarorlashgan odatlar bo‘lib, ularning mazmunida munosabatlar xususiyati hamda jamoaning ijtimoiy fikri yorqin ifodalanadi.

Jamoa an’analari shartli ravishda ikkiga bo‘linadi:

a) kundalik faoliyat an’analari;

b) bayram an’analari.

Kundalik faoliyat an’analari o‘quvchilarning o‘quv faoliyati (o‘zaro yordam turlari), va mehnat faoliyati (ko‘chatlar o‘tkazish, hasharlar uyushtirish va boshqalar)ni o‘z ichiga oladi.

Bayram an’analariga ijtimoiy ahamiyatga ega turli voqea hamda hodisalar bilan bog‘liq sanalar (xususan, «Alifbe bayrami», «Mustaqillik bayrami», «Navro‘z bayrami», «Hotira va qadrlash kuni» va boshqalar)ni nishonlash maqsadida tashkil etilgan faoliyat kiradi.

An’anaviy bayramlar o‘quv muassasalarida turlicha o‘tkaziladi. O‘quvchilar an’analar mohiyatini anglasalar, ularga nisbatan ongli munosabatda bo‘lsalargina uning ta’sir kuchi yuqori bo‘ladi.

An’analarning yuzaga kelishida o‘quvchilarning unga nisbatan munosabati katta ahamiyatga ega. Maktab rahbariyati va o‘qituvchilar o‘quvchilar jamoasiga muayyan sanalarga bag‘ishlab haddan ziyod ortiqcha tadbirni uyushtirish talabini qo‘ymasligi zarur.

Tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda o‘qituvchilar jamoasi yoki o‘qituvchi tomonidan ushbu jarayonda o‘quvchilar jamoasi bilan birgalikda ish olib borish, ularni an’analarni davom ettirishga o‘rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratishlari pedagogik jihatdan ijobiy natijalarni beradi.

O‘quvchilar jamoasi ijtimoiy-foydali ahamiyat kasb etuvchi umumiy maqsad va birgalikdagi faoliyatga asosan jipslashgan o‘quvchilar birlashmasi, guruhidir. O‘quvchilar jamoasi (shuningdek, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari jamoasi)ga rasmiy saylangan (tayinlangan) o‘quvchi hamda o‘qituvchilar yo‘lboshchilik qiladi. Ular sirasiga guruh rahbari, guruh faollari (xususan, guruh etakchisi (starosta), «Kamolot» tashkilotining guruh bo‘limi raisi, tozalik komissiyasi raisi, devoriy gazeta muharriri va boshqalar).

Bolalar jamoalarida rasmiy etakchilar bilan birga norasmiy yo‘lboshchilarning mavjudligi ko‘zga tashlanadi. Odatda rasmiy yo‘lboshchilar tarkibini a’lo baholarga o‘qiydigan, jamoa ishlarida faol ishtirok etuvchi o‘quvchilar tashkil etsa, norasmiy liderlar garchi bu kabi sifatlarni namoyon etmasalarda, ayrim sifatlariga ko‘ra tengdoshlarini o‘z ortlaridan ergashtira oladilar. Bunday o‘quvchilar boshqalardan jismonan kuchliligi, qat’iyatliligi, hech narsadan cho‘chimasligi, o‘ziga bo‘lgan ishonchi bilan ajralib turadilar. Norasmiy liderlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasi boshqa o‘quvchilarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. SHu bois sinf rahbari hamda maktab pedagogik jamoasi bunday liderlarning faoliyatini bevosita va bilvosita nazorat qilib borishlari zarur.

O‘quvchilar uyushmasiga pedagogik rahbarlik, yuqorida qayd etilganidek, aksariyat holatlarda sinf rahbari tomonidan amalga oshiriladi. SHu sababli sinf rahbari guruhning umumiy hamda har bir a’zosining individual xususiyatlarini bilishi, ularni inobatga olgan holda jamoaga yondashishi zarur. Sinf rahbarining norasmiy liderlar va ularning shaxsi haqida to‘laqonli ma’lumotlarga ega bo‘lishi pedagogik faoliyatni samarali tashkil etishga yordam beradi.

YUqorida bildirilgan fikrlardan quyidagi hulosalarga kelish mumkin.

1. Jamoa bir necha a’zo (kishi)lardan tashkil topgan muayyan guruh bo‘lib, u ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan umumiy maqsad asosida birlashadi hamda mazkur maqsadni amalga oshirish uchun yo‘naltirilgan faoliyatni tashkil etadi.

2. Jamoa o‘zida bir necha xususiyat (belgi)larni namoyon etadi.

3. Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan uzoq muddatli, murakkab jarayon bo‘lib, u ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlariga ko‘ra to‘rt bosqichdan iborat bo‘ladi.

4. Jamoani shakllantirish o‘ziga hos metodika asosida amalga oshriladi. Ushbu metodika doirasida jamoaga nisbatan talablarning qo‘yilishi, jamoa faoli (aktivi)ni tarbiyalash masalasi alohida ahamiyatga egadir.

5. Jamoaning mustahkam bo‘lishi, uning a’zolari o‘rtasida o‘zaro yordam hamda hamkorlikning qaror topishida jamoa an’analari muhim ahamiyat kasb etadi.

1 Karimov I.A. Bunyodkorlik yo’lidan. – Toshkent, O’zbekiston, 1996. – 116-bet.

2 Xoshimov K. va boshqalar. Pedagogika tarihi qqOliy o’quv yurtlari va univ-tlar talabalari uchun o’quv qo’ll. – Toshkent, O’qituvchi, 1996, – 191-bet.

Najmiddin Komilov. Tasavvuf. 7. Komil inson

Профессор Нажмиддин Комиловнинг «Тасаввуф» рисоласида Шарқ халқлари маънавияти тарихида чуқур из қолдирган диний-фалсафий таълимот – тасаввуфнинг пайдо бўлиши, тадрижий ривожи, асосий жиҳатлари ёритилган. Тариқат ва шариат орасидаги муносабат, тасаввуф гуманизми ва Комил инсон муаммолари, тасаввуф ривожига ҳисса қўшган олимлар, тариқат шайхлари ҳақида таҳлилий кузатишлар қилинган. Бугун ушбу рисоланинг олтинчи мақоласи — «Комил инсон «ни мутолаа қилишингиз мумкин.

НАЖМИДДИН КОМИЛОВ
ТАСАВВУФ

КОМИЛ ИНСОН

Тасаввуф – инсон камолоти, ахлоқий покланиш ҳақидаги илм дедик. Бу тушунча комил инсон концепциясида аниқ кўзга ташланади. Инсон учун қайғуриш, унинг маънавий камолотини ўйлаш тасаввуфнинг доимий ўзак масаласи бўлиб келган. Айниқса, инсоннинг ботиний олами, ички зиддиятлари, руҳ ва жисм орасидаги кураш сўфийларни кўп қизиқтирган. Улар инсонда азалий икки қарама-қарши куч-раҳмоний ва шайтоний қувватлар борлигини, инсон Аллоҳнинг бандаси сифатида шайтон қутқусини енгиб, раҳмоний фазилатларга эга бўлиши лозимлигини таъкидлайдилар. Инсоннинг ҳаётдаги ўрни, жамият бўлиб яшаш тартибларига ҳам шу мавқедан туриб қаралган; чунончи, ижтимоий низолар, уруш-жанжаллар, мулкий тенгсизликнинг туб моҳияти, бош сабабини ҳам тасаввуф инсон табиати ва сийратидан қидиради, инсоннинг ахлоқини тузатишни унинг табиатидаги салбий, ҳайвоний кучларни мавҳ этишдан бошлаш керак, деб тушунтиради. Тасаввуфчилар инсон табиатидаги салбий кучларни умумий ном билан «нафс» ёки «нафси аммора» деб атадилар ва унга қарши уруш эълон қилдилар. Мол-дунё тўплаш, нафс эҳтиёжига қараб юриш, ҳирсу ҳавас қатъий қораланди, инсонни (демакки, инсониятни ҳам) ноқислик ва фалокатлардан қутқаришнинг бирдан-бир тўғри йўли – нафсни ўлдириб, қаноат билан ҳалол яшаш, руҳ – иродани чиниқтира бориб, инсонда инсонийликни, яъни илоҳийликни тантана эттириш зарур, деб тарғиб қилинди.

Ушбу фикрлар улуғ шайхларнинг «тасаввуф» тушунчасига берган таъриф-изоҳларида аниқ ифодаланган.
«Тасаввуф нима?» деган саволга Шайх Нурий жавоб бериб айтади: «Тасаввуф – нафс лаззатларидан воз кечишдир». Ёки Шайх Сафий Алимшоҳ жавоби бундай: «Тасаввуф – нафс манзилларини босиб ўтишдир». Шайх Равим сўзи: «Тасаввуф – Худо йўлида нафсдан кечмоқдир».

Нафс худбинликни, ўзим бўлай фалсафасини туғдиради. Нафс домига тушгандан кейин, киши ҳеч нарсадан тап топтмайди, харом-харишдан ҳазар эмай, бошқалар ҳисобига бўлса ҳам яхши яшашни ўйлайди. Оқибатда у золим, бераҳм риёкор бўлиб қолади. Шунинг учун тасаввуф талаб этган тийилиш, қаноат, сабру фақирлик тариқида гап кўп. «Дунёга бир марта келасан, оладиганингни олиб қол», — илгаридан маълум фалсафа бу. Коммунистлар буни: «Мен инсонман, демак менга ҳамма нарса раво» деб ўзгартирадилар, аммо мақсад ўша: иложини топгин-да, яхши яша, бошқалар билан ишинг бўлмасин. «Ҳамма нарса раво» фалсафаси одамни иймону эътиқоддан айириб, юлғичлик ва талон-тарожга фатво беради, ваҳшийлик инстинктини кучайтиради.

Комил инсон – бир идеал, барча дунёвий ва илоҳий билимларни эгаллаган, руҳи Мутлоқ руҳга туташ, файзу кароматдан сероб, сурати саранжом, қалби эзгу туйғуларга лиммо-лим показа зот, Навоий тили билан айтганда:

Фонийвашеки, ҳам сўзидур пок, ҳам ўзи.
Ҳуш давлат ул кишигаки, тушгай анинг кўзи.

Тасаввуф аҳли сиғинган идеал – Комил Инсон аслида халқ идеали, адабиёт идеали эди. Бу ҳаётбахш таълимотнинг пешволари ёзиб қолдирган асарлар, сўфиёна руҳдаги шеъру достонларни мутолаа қилар эканмиз, ёруғликнинг зулмга, хайрнинг шаррга, файзу камолнинг нуқсу ноқислик, калтафаҳмлик ва нодонликка қарши омонсиз жангига гувоҳ бўламиз. Воқеан, тасаввуф шайхлари, зулм ва қоронғулик лашкарига қарши маърифатни қурол қилиб олиб жангга кирган паҳлавонларга ўхшаб кетадилар (Тустарий: «Маърифат жаҳл-нодонликка қарши жангдир»). Улар Каъба деб кўнгилни тан оладилар, кўнгил раъйига юрадиган, дунёни кўнгил орақли биладиган ва кўнгилга сиғина-диган одам Аллоҳнинг севгани деб чиқдилар. Алишер Навоийнинг «Насойим ул-муҳаббат» асаридан: «Исмоил Даббос деди-ким, ҳаж нияти қилиб, борурда Шерозга етишдим. Бир масжидга кирдим. Шайх Мўминни кўрдимки, ўлтуриб хирқасини ямайдур эрди, салом қилдим ва ўлтурдим. Мендан сўрдиким, не ниятинг бор? Дедим: ҳаж ниятим бор. Деди: онанг бор? Дедим: бор. Деди: ёниб онанг мулозаматига бор… Мен эллик ҳаж қилибмен – бош яланг, оёқ яланг ва зоду ҳамроҳсиз. Барчасин сенга бердим, сен онанг кўнгли шодлигин менга бер!»

Бу одамлар – жамиятнинг тирик виждони эдилар. Кишилар уларга қараб ҳушёр тортар, дунё бехудлигидан ўзига келиб, ўз қалбига, қилаётган ишларига разм солардилар, тавба-тазарруъ қилардилар. Уларнинг афъолу аъмоли инсонлар дилига қувват, кўзига нур бағишлаган.

Моҳиятан олганда, комил инсон ҳақидаги тушунчаларнинг мухтасар мағзи шундан иборат. Аммо бу ҳақда улуғ алламаларнинг қиймат ва аҳамиятини йўқотмаган қарашлари, фикрлари бор. Комил инсон тасаввуф адабиётида кўп марта тилга олиниб, мунозараларга сабаб бўлган ва бу ҳақда махсус китоблар ёзилган. Шулардан Саййид Абдулкарим Гелоний ва Азизиддин Насафий (XIII аср)ларнинг «Инсони комил» номли рисолаларини махсус тилга олиб ўтиш мумкин. Аслида эса комил инсон тушунчаси биринчи марта Шайхи Кабир номи билан машҳур бўлган Муҳйиддин Ибн Арабий (1165–1240) томонидан муомалага киритилганини қайд этмоқ жоиз. Ибн Арабий наздида комил инсон – бу ақли аввал ёки нафси аввал, ақли кулл тушунчалари билан маънодошдир. Чунки Тангри таоло илоҳий нурдан илк марта Ақли аввални яратди ва унинг сурату шакли Комил Инсон қиёфасида зуҳур этди. Шунинг учун «Халақоллоҳу адама алаъ суратар Раҳману» (Аллоҳ одамни Раҳмон суратида яратди) деган ҳадис мавжуд. Комил инсон, шу тариқа, Аллоҳ-нинг Раҳмону Раҳим сифатларига эга бўлди, дейдилар (Саййид Содиқ Гуҳарин. Шарҳи истилоҳоти тасаввуф, 1-жилд, 125-бет).

Ибн Арабийнинг фикрича, комил инсоннинг ердаги тимсоли ҳазрати Пайғамбаримиз Муҳаммад соллаллоҳу алаҳи васалламдир. Ул зот вужудида ақлий, руҳий камолот, дунёвий ва илоҳий билимлар жамулжам эди. Пайғамбаримиз халқ ва Ҳақ муқоби-лида турардилар ва орада восита эдилар. Шундай бўлгач, ҳамма одамларни ҳам ва ҳатто анбиё ва авлиёларни, донишмандларни комил инсон деб аташ жоиз эмас. Ва агар Пайғамбардан ўзга зотларга нисбатан бу сифат айтилар экан, буни шартли таъриф ёинки шу улуғ мартабага ҳурмат-эҳтиром белгиси сифатида қабул қилиш керак. Саййид Абдулкарим Гелоний фикрига кўра, ҳар бир инсон иккинчисининг ўрнини босадиган нусхадир ва бир-бирининг қаршисида турган кўзгу кабидир. Битта одамдаги хислат ва сифат иккинчисида акс этиб туради. Аммо фарқи шундаки, бу аксланиш баъзиларда феъл-ҳаракат бўйича бўлса, баъзиларида эса қувва, яъни хислат-хусусиятлар билан намоён бўлади. Демак, истеъдод ва қобилият, хусусият ва сифатига кўра, бир-бирига ўхшаш одамлар беҳад кўп. Буларни умумий ном билан халқ, одамлар, кишилар деб қўя қоламиз. Бирига қараб иккинчисининг хулқу атвори, даражасига баҳо бера оламиз. Аммо шундай комил ва акмал кишилар борки, улар камолотда нафақат ўзга одамлардан, балки бир-биридан ҳам кескин фарқланиб турадилар. Буларни анбиё ва авлиё деб атаймиз. Буларнинг ҳам даражалари бор: баъзилари комил, баъзилари акмал, бир қисми фозил, яна бир қисми афзал, яна бир гуруҳи эса афзалу акмалдирлар. Саййид Абдулкарим Гелоний мазкур таснифни айтиб, яна қўшиб қўяди: «Комил инсон, воқеан, Муҳаммад саллаллоҳу алайҳи васалламдир ва қолган анбиёю авлиёнинг камолоти унга нисбатандир, худди фозилнинг афзалга нисбатидай».

Шайх Омилий дейдиким, ҳақгўй олимларнинг фикрига қараганда, олам Комил инсон ҳақиқати туфайли барқарордир, зеро фалаклар унинг нафаси билан айланурлар, мулку малакут ундан таълим олурлар. Шундай мартабада Комил инсонни Ҳақнинг кўзгуси дейдилар. Ҳақ таоло Ўз исми ва сифатларини фақат комил инсонда кўради. Шуни ҳам таъкидлайдиларки, комил инсонгина Ҳақ қудратининг буюклиги, чексизлигига гувоҳ бўла олади.

Ибн Арабий, Шайх Омилий ва Абдулкарим Гелоний қарашларига диққат қилинса, Комил инсон бир кайҳоний вужуд бўлиб кўринади, унинг сифатлари ердаги фоний одамлар сифатига, аниқ шахслар хислатига ўхшамайди. Унда биз жамики ғайритабиий кучларнинг мажмуини мушоҳада этгандай бўламиз. Бу ерда албатта жисмоний куч ҳақида гап бормайди, зотан илоҳиёт ҳақида гап борганда жисмоний куч эътибор эмас. Чунки Холиқият яратган жисмлар илоҳий қудрат олдида арзимас ва ожиз суратлардир. Комил инсон булар назарида оламларни эгаллаган, оламларга, барча жонзотлар ва инсонларга таъсир эта оладиган, инсониятни бошқарадиган бир Буюк руҳдир. Маънавий – Ақлий қудратдир.

Аммо Шайх Азизиддин Насафийнинг «Комил инсон», «Мақсади ақсо», «Зубдатул ҳақойиқ» номли ва бошқа рисолаларида комил инсон масаласи бир мунча бошқача ёритилган. Унда бу тушунча инсоннинг пайдо бўлиши, тараққиёти, мартабалар топиши билан боғлиқ ҳолда олиб қаралади. Натижада биз Азизиддин таърифларида айнан ҳаётий одамга хос белгилар, ахлоқий сифатларни ҳам кўрамиз. Яна шуни ҳам айтиш керакки, Насафий исломдаги бир нечта илмнинг иснонга бўлган қарашлари ва муносабатини чоғиштиради, инсонни кайҳоний вужуд сифатида ҳам, ер махлуқоти сифатида ҳам таҳқиқ ва тадқиқ этади. Насафийда комил инсон руҳ тушунчаси билан зич алоқада текширилади. Инсон мартабалари руҳ мартабалари сифатида олиб қаралади. Шу учун умумий тушунчлардан аниқ тушунчаларга ўтиб туриш бор. Бунинг сабабларидан яна бири Азизиддин Насафийнинг камолотни уруж (кўтарилиш) ва нузул (тушиш) назарияси асосида тушунишидир. Бу назария ўз навбатида улуғ олам ва кичик олам тушунчалари билан боғланиб кетади. Чунки Насафий Ибн Арабийга қўшилиб, инсонни олами сағир (кичик олам), илоҳий олам ва моддий оламни биргаликда олами кабир (улуғ олам) деб атайди. — Улуғ оламдаги жамики нарса ва хусусиятлар кичик оламда мавжуд, дейди у. Шу тариқа инсон юқори олам-олами кабирнинг кичрайтирилган нусхаси бўлиб ҳисобланади.

Азизиддин Насафий комил инсонга таъриф бериб ёзади: «Билгилки, Комил инсон деб шариат ва тариқат ва ҳакқиқатда етук бўлган одамга айтадилар ва агар бу иборани тушунмасанг, бошқа ибора билан айтайин: билгилки, комил инсон шундай инсондирким, унда қуйидаги тўрт нарса камолга етган бўлсин: яхши феъл, яхши ахлоқ ва маориф».

Насафий санаган сифатларнинг дастлабки учтаси, яъни яхши сўз, яхши феъл, яхши хулқ Зардушт китоби «Авесто»дан олингандир («Гуфтори нек, кирдори нек, рафтори нек»). Бу сифатлар билан зийнатланган одам ёлғон, риё ва бадкирдорликдан чекинади, ҳамма вақт эзгу ният билан эзгу ишларга тайёр туради. Азизиддин Насафий яхши ахлоқ ҳақидаги Зардушт сўзи ёнига «маориф», яъни тасаввуфий покланиш талабини қўшиб қўйган. Унинг фикрича, тариқат йўлига кирган соликлар вазифа-мақсади ушбу тўрт фазилатни эгаллашдир. Кимки «ўзида шу сифатларни камол топтирса, у камолга эришади».

Насафийнинг мазкур таърифидан иккита хулоса келиб чиқади. Бири шуки, олим назарида комил инсон ҳаётдан тақари бўлган аллақандай мавҳум зот эмас, балки реал одамдир. Яхши сифатларни эгаллаб борган одам шундай мартабага кўтарила олади. Иккинчи хулоса шуки, Насафийга кўра, комил инсон мартабаси тариқат ва риёзат йўли билан қўлга кирадиган юксак мартабадир.

Комил инсон ҳақида юқорида баён этилган фикрларни ўзаро жамласак, қуийдаги хулосалар келиб чиқади:

— Комил инсон – инсонларнинг энг мукаммали, энг оқили ва энг доноси.

— Комил инсон Илоҳ билан одамлар орасидаги воситачи, ило-ҳий амр, ғайб асрорини оддий одамларга етказувчи улуғ ҳомийдир.

— Комил инсон мартабада Ақли кулл (Ақли аввал)га тенг. Аллоҳ аввал Ақли куллни, яъни Комил инсонни яратди, кейин у туфайли бошқа махлуқотлар яратилди.

— Комил инсон руҳи азалдан маълум, у Тангри таоло яратган энг қудратли руҳдир.

— Комил инсон шу сифатлари билан мутлоқ илоҳий хислатларни жамлаган кайҳоний мавжудликдир, у агар оддий инсон суратида кўринса ҳам, лекин маънан коинотни қамраб олган ҳамиша бедор ва ҳамма нарсадан хабардор бир зотдир.

— Шу мартабада у Аллоҳнинг халифаси бўла олади.

— Комил инсон инсонлар жамияти ичидан етишиб чиқадиган мўътабар зотдир. У азалдан мартабаси аниқ бўлган руҳ эмас, балки ахлоқий-маънавий покланиш жараёнида камолга эришгандир.

— Шу учун ҳар бир пок ахлоқли, илоҳсевар шахс комилликка интилиши ва бу йўлда насиба олиши мумкин.

— Комилликнинг олий белгиси Ҳақ йўлидан бориб халққа фойда келтиришдир. Киши ўз сўзи, амалий ишлари, нияти билан қанчалик одамларга нафъ келтирса, ёмонларни туз йўлга солса, Ҳақ йўлида фидо бўлса, у шунча комилдир.

Ушбу қарашлар гарчи бир-бирига зид бўлиб туюлса-да аслида моҳиятига кўра бир-бирига яқиндир. Яъни бу ерда инсоннинг камолоти, буюклигини тан олиш, инсон ва Коинот, инсон ва Илоҳ, инсон ва Мавжудотни ўзаро вобаста, алоқадор деб ҳисоблаш бор. Қарашлар орасидаги фарқ эса шундан иборатки, аҳли шариат тушунчасига кўра, инсоннинг қобилияти ва майллари азалдан маълум, яъни Аллоҳ таоло тақдири азалдан белгилаб қўйган. Пайғамбарлар, авлиёлар, донишмандлар руҳи бошиданоқ юқори оламда маълум эди, бу руҳларнинг мартабалари аввалдан белгиланган эди, дейди шариат аҳли.

Аммо ҳикмат аҳли (файласуфлар) ва тасавуф аҳли фикрига кўра, инсонга фаолият учун инон-ихтиёр берилган, у ҳаракат қилиб, комиллик асб этиши, ниятларига етиши мумкин. Шайх Азизиддин Насафий «Зубдатул ҳақойиқ» (Ҳақиқатлар қаймоғи) номли рисоласида ёзади: «Одамларнинг сўзлари ва фаолияти учун олдиндан белгиланган ўлчовлар йўқ. Билим ва бойликка эга бўлиш одамнинг сайъ-ҳаракатига боғлиқ: одам қанча кўп ғайрат қилса, шунча билми ва мол-мулки ортади».

Азизиддин Насафий камолотнинг белгиси сифатида икки нарсани асос қилиб олган. Бунинг бири – ҳамида ахлоқ бўлса, иккинчиси – ўз-ўзини таниш. Шу икки асоснинг бор ёки йўқлигига қараб у одамларни уч қисмга ажратган. Биринчиси, ҳамида ахлоқий хислатлар билан безанмаган ва ўз-ўзини танимаган одамлар. Иккинчи, ҳамида ахлоқий хислатлар билан безанган, аммо ўз-ўзини танимаган одамлар. Учинчиси, ҳамида ахлоқий сифатлар билан безанган ва ўз-ўзини таниган одамлар. Олимнинг назарида ана шу кейинги – учинчи тоифа одамлар комил инсон-лардир: «Бинобарин, инсоннинг камолотга эришиши ҳамида ахлоққа эга бўлиш ва ўз-ўзини таниш билан амалга ошади».

Шу тариқа, комил инсоннинг ўзига хос ахлоқ кодекси ишлаб чиқилган бўлиб, бу сифатларга эга бўлиш ҳар бир одамнинг орзу-армони деб қаралган. Бундан яна шу ҳам маъулм бўладики, ўрта асарлардаги яхши ахлоқ, комил инсон ҳақидаги тушунчалар нисбий хусусиятга эга – бир томондан, жами руҳий-маънавий қудрат, ақлу заковат, яхши сифатларнинг жамулжами ҳисобланган мавҳум бир зот тушунчаси, иккинчи томондан шу чўққига интилиб, муайян матарабаларга эришган киши ҳам комил инсон деб ҳисобланган. Аммо масала қандай қўйилишидан қатъий назар, комил инсон ҳақидаги ғоялар катта ижтимоий-ахлоқий аҳамиятга эга бўлди, инсонни шарафли, эзгулик ва Буюк Хайр руҳида тарбиялаш, меҳру муҳаббат, вафо ва садоқатни кучайтиришга хизмат қилди. Ҳар замон, ҳар лаҳза инсонларга уларнинг инсонлигини эслатиб, ёвуз, қабиҳ ишлар, ножўя қилиқлардан сақланишга кўмаклашади, иймон ва виждон биносининг пойдор бўлишини таъминлайди.

Professor Najmiddin Komilovning “Tasavvuf” risolasida Sharq xalqlari maʼnaviyati tarixida chuqur iz qoldirgan diniy-falsafiy taʼlimot – tasavvufning paydo boʻlishi, tadrijiy rivoji, asosiy jihatlari yoritilgan. Tariqat va shariat orasidagi munosabat, tasavvuf gumanizmi va Komil inson muammolari, tasavvuf rivojiga hissa qoʻshgan olimlar, tariqat shayxlari haqida tahliliy kuzatishlar qilingan. Bugun ushbu risolaning oltinchi maqolasi — «Komil inson «ni mutolaa qilishingiz mumkin.

NAJMIDDIN KOMILOV
TASAVVUF

KOMIL INSON

Tasavvuf – inson kamoloti, axloqiy poklanish haqidagi ilm dedik. Bu tushuncha komil inson kontseptsiyasida aniq ko’zga tashlanadi. Inson uchun qayg’urish, uning ma’naviy kamolotini o’ylash tasavvufning doimiy o’zak masalasi bo’lib kelgan. Ayniqsa, insonning botiniy olami, ichki ziddiyatlari, ruh va jism orasidagi kurash so’fiylarni ko’p qiziqtirgan. Ular insonda azaliy ikki qarama-qarshi kuch-rahmoniy va shaytoniy quvvatlar borligini, inson Allohning bandasi sifatida shayton qutqusini yengib, rahmoniy fazilatlarga ega bo’lishi lozimligini ta’kidlaydilar. Insonning hayotdagi o’rni, jamiyat bo’lib yashash tartiblariga ham shu mavqedan turib qaralgan; chunonchi, ijtimoiy nizolar, urush-janjallar, mulkiy tengsizlikning tub mohiyati, bosh sababini ham tasavvuf inson tabiati va siyratidan qidiradi, insonning axloqini tuzatishni uning tabiatidagi salbiy, hayvoniy kuchlarni mavh etishdan boshlash kerak, deb tushuntiradi. Tasavvufchilar inson tabiatidagi salbiy kuchlarni umumiy nom bilan «nafs» yoki «nafsi ammora» deb atadilar va unga qarshi urush e’lon qildilar. Mol-dunyo to’plash, nafs ehtiyojiga qarab yurish, hirsu havas qat’iy qoralandi, insonni (demakki, insoniyatni ham) noqislik va falokatlardan qutqarishning birdan-bir to’g’ri yo’li – nafsni o’ldirib, qanoat bilan halol yashash, ruh – irodani chiniqtira borib, insonda insoniylikni, ya’ni ilohiylikni tantana ettirish zarur, deb targ’ib qilindi.

Ushbu fikrlar ulug’ shayxlarning «tasavvuf» tushunchasiga bergan ta’rif-izohlarida aniq ifodalangan.
«Tasavvuf nima?» degan savolga Shayx Nuriy javob berib aytadi: «Tasavvuf – nafs lazzatlaridan voz kechishdir». Yoki Shayx Safiy Alimshoh javobi bunday: «Tasavvuf – nafs manzillarini bosib o’tishdir». Shayx Ravim so’zi: «Tasavvuf – Xudo yo’lida nafsdan kechmoqdir».

Nafs xudbinlikni, o’zim bo’lay falsafasini tug’diradi. Nafs domiga tushgandan keyin, kishi hech narsadan tap toptmaydi, xarom-xarishdan hazar emay, boshqalar hisobiga bo’lsa ham yaxshi yashashni o’ylaydi. Oqibatda u zolim, berahm riyokor bo’lib qoladi. Shuning uchun tasavvuf talab etgan tiyilish, qanoat, sabru faqirlik tariqida gap ko’p. «Dunyoga bir marta kelasan, oladiganingni olib qol», — ilgaridan ma’lum falsafa bu. Kommunistlar buni: «Men insonman, demak menga hamma narsa ravo» deb o’zgartiradilar, ammo maqsad o’sha: ilojini topgin-da, yaxshi yasha, boshqalar bilan ishing bo’lmasin. «Hamma narsa ravo» falsafasi odamni iymonu e’tiqoddan ayirib, yulg’ichlik va talon-tarojga fatvo beradi, vahshiylik instinktini kuchaytiradi.

Komil inson – bir ideal, barcha dunyoviy va ilohiy bilimlarni egallagan, ruhi Mutloq ruhga tutash, fayzu karomatdan serob, surati saranjom, qalbi ezgu tuyg’ularga limmo-lim pokaza zot, Navoiy tili bilan aytganda:

Foniyvasheki, ham so’zidur pok, ham o’zi.
Hush davlat ul kishigaki, tushgay aning ko’zi.

Tasavvuf ahli sig’ingan ideal – Komil Inson aslida xalq ideali, adabiyot ideali edi. Bu hayotbaxsh ta’limotning peshvolari yozib qoldirgan asarlar, so’fiyona ruhdagi she’ru dostonlarni mutolaa qilar ekanmiz, yorug’likning zulmga, xayrning sharrga, fayzu kamolning nuqsu noqislik, kaltafahmlik va nodonlikka qarshi omonsiz jangiga guvoh bo’lamiz. Voqean, tasavvuf shayxlari, zulm va qorong’ulik lashkariga qarshi ma’rifatni qurol qilib olib jangga kirgan pahlavonlarga o’xshab ketadilar (Tustariy: «Ma’rifat jahl-nodonlikka qarshi jangdir»). Ular Ka’ba deb ko’ngilni tan oladilar, ko’ngil ra’yiga yuradigan, dunyoni ko’ngil oraqli biladigan va ko’ngilga sig’ina-digan odam Allohning sevgani deb chiqdilar. Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asaridan: «Ismoil Dabbos dedi-kim, haj niyati qilib, borurda Sherozga yetishdim. Bir masjidga kirdim. Shayx Mo’minni ko’rdimki, o’lturib xirqasini yamaydur erdi, salom qildim va o’lturdim. Mendan so’rdikim, ne niyating bor? Dedim: haj niyatim bor. Dedi: onang bor? Dedim: bor. Dedi: yonib onang mulozamatiga bor… Men ellik haj qilibmen – bosh yalang, oyoq yalang va zodu hamrohsiz. Barchasin senga berdim, sen onang ko’ngli shodligin menga ber!»

Bu odamlar – jamiyatning tirik vijdoni edilar. Kishilar ularga qarab hushyor tortar, dunyo bexudligidan o’ziga kelib, o’z qalbiga, qilayotgan ishlariga razm solardilar, tavba-tazarru’ qilardilar. Ularning af’olu a’moli insonlar diliga quvvat, ko’ziga nur bag’ishlagan.

Mohiyatan olganda, komil inson haqidagi tushunchalarning muxtasar mag’zi shundan iborat. Ammo bu haqda ulug’ allamalarning qiymat va ahamiyatini yo’qotmagan qarashlari, fikrlari bor. Komil inson tasavvuf adabiyotida ko’p marta tilga olinib, munozaralarga sabab bo’lgan va bu haqda maxsus kitoblar yozilgan. Shulardan Sayyid Abdulkarim Geloniy va Aziziddin Nasafiy (XIII asr)larning «Insoni komil» nomli risolalarini maxsus tilga olib o’tish mumkin. Aslida esa komil inson tushunchasi birinchi marta Shayxi Kabir nomi bilan mashhur bo’lgan Muhyiddin Ibn Arabiy (1165–1240) tomonidan muomalaga kiritilganini qayd etmoq joiz. Ibn Arabiy nazdida komil inson – bu aqli avval yoki nafsi avval, aqli kull tushunchalari bilan ma’nodoshdir. Chunki Tangri taolo ilohiy nurdan ilk marta Aqli avvalni yaratdi va uning suratu shakli Komil Inson qiyofasida zuhur etdi. Shuning uchun «Xalaqollohu adama ala’ suratar Rahmanu» (Alloh odamni Rahmon suratida yaratdi) degan hadis mavjud. Komil inson, shu tariqa, Alloh-ning Rahmonu Rahim sifatlariga ega bo’ldi, deydilar (Sayyid Sodiq Guharin. Sharhi istilohoti tasavvuf, 1-jild, 125-bet).

Ibn Arabiyning fikricha, komil insonning yerdagi timsoli hazrati Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alahi vasallamdir. Ul zot vujudida aqliy, ruhiy kamolot, dunyoviy va ilohiy bilimlar jamuljam edi. Payg’ambarimiz xalq va Haq muqobi-lida turardilar va orada vosita edilar. Shunday bo’lgach, hamma odamlarni ham va hatto anbiyo va avliyolarni, donishmandlarni komil inson deb atash joiz emas. Va agar Payg’ambardan o’zga zotlarga nisbatan bu sifat aytilar ekan, buni shartli ta’rif yoinki shu ulug’ martabaga hurmat-ehtirom belgisi sifatida qabul qilish kerak. Sayyid Abdulkarim Geloniy fikriga ko’ra, har bir inson ikkinchisining o’rnini bosadigan nusxadir va bir-birining qarshisida turgan ko’zgu kabidir. Bitta odamdagi xislat va sifat ikkinchisida aks etib turadi. Ammo farqi shundaki, bu akslanish ba’zilarda fe’l-harakat bo’yicha bo’lsa, ba’zilarida esa quvva, ya’ni xislat-xususiyatlar bilan namoyon bo’ladi. Demak, iste’dod va qobiliyat, xususiyat va sifatiga ko’ra, bir-biriga o’xshash odamlar behad ko’p. Bularni umumiy nom bilan xalq, odamlar, kishilar deb qo’ya qolamiz. Biriga qarab ikkinchisining xulqu atvori, darajasiga baho bera olamiz. Ammo shunday komil va akmal kishilar borki, ular kamolotda nafaqat o’zga odamlardan, balki bir-biridan ham keskin farqlanib turadilar. Bularni anbiyo va avliyo deb ataymiz. Bularning ham darajalari bor: ba’zilari komil, ba’zilari akmal, bir qismi fozil, yana bir qismi afzal, yana bir guruhi esa afzalu akmaldirlar. Sayyid Abdulkarim Geloniy mazkur tasnifni aytib, yana qo’shib qo’yadi: «Komil inson, voqean, Muhammad sallallohu alayhi vasallamdir va qolgan anbiyoyu avliyoning kamoloti unga nisbatandir, xuddi fozilning afzalga nisbatiday».

Shayx Omiliy deydikim, haqgo’y olimlarning fikriga qaraganda, olam Komil inson haqiqati tufayli barqarordir, zero falaklar uning nafasi bilan aylanurlar, mulku malakut undan ta’lim olurlar. Shunday martabada Komil insonni Haqning ko’zgusi deydilar. Haq taolo O’z ismi va sifatlarini faqat komil insonda ko’radi. Shuni ham ta’kidlaydilarki, komil insongina Haq qudratining buyukligi, cheksizligiga guvoh bo’la oladi.

Ibn Arabiy, Shayx Omiliy va Abdulkarim Geloniy qarashlariga diqqat qilinsa, Komil inson bir kayhoniy vujud bo’lib ko’rinadi, uning sifatlari yerdagi foniy odamlar sifatiga, aniq shaxslar xislatiga o’xshamaydi. Unda biz jamiki g’ayritabiiy kuchlarning majmuini mushohada etganday bo’lamiz. Bu yerda albatta jismoniy kuch haqida gap bormaydi, zotan ilohiyot haqida gap borganda jismoniy kuch e’tibor emas. Chunki Xoliqiyat yaratgan jismlar ilohiy qudrat oldida arzimas va ojiz suratlardir. Komil inson bular nazarida olamlarni egallagan, olamlarga, barcha jonzotlar va insonlarga ta’sir eta oladigan, insoniyatni boshqaradigan bir Buyuk ruhdir. Ma’naviy – Aqliy qudratdir.

Ammo Shayx Aziziddin Nasafiyning «Komil inson», «Maqsadi aqso», «Zubdatul haqoyiq» nomli va boshqa risolalarida komil inson masalasi bir muncha boshqacha yoritilgan. Unda bu tushuncha insonning paydo bo’lishi, taraqqiyoti, martabalar topishi bilan bog’liq holda olib qaraladi. Natijada biz Aziziddin ta’riflarida aynan hayotiy odamga xos belgilar, axloqiy sifatlarni ham ko’ramiz. Yana shuni ham aytish kerakki, Nasafiy islomdagi bir nechta ilmning isnonga bo’lgan qarashlari va munosabatini chog’ishtiradi, insonni kayhoniy vujud sifatida ham, yer maxluqoti sifatida ham tahqiq va tadqiq etadi. Nasafiyda komil inson ruh tushunchasi bilan zich aloqada tekshiriladi. Inson martabalari ruh martabalari sifatida olib qaraladi. Shu uchun umumiy tushunchlardan aniq tushunchalarga o’tib turish bor. Buning sabablaridan yana biri Aziziddin Nasafiyning kamolotni uruj (ko’tarilish) va nuzul (tushish) nazariyasi asosida tushunishidir. Bu nazariya o’z navbatida ulug’ olam va kichik olam tushunchalari bilan bog’lanib ketadi. Chunki Nasafiy Ibn Arabiyga qo’shilib, insonni olami sag’ir (kichik olam), ilohiy olam va moddiy olamni birgalikda olami kabir (ulug’ olam) deb ataydi. — Ulug’ olamdagi jamiki narsa va xususiyatlar kichik olamda mavjud, deydi u. Shu tariqa inson yuqori olam-olami kabirning kichraytirilgan nusxasi bo’lib hisoblanadi.

Aziziddin Nasafiy komil insonga ta’rif berib yozadi: «Bilgilki, Komil inson deb shariat va tariqat va hakqiqatda yetuk bo’lgan odamga aytadilar va agar bu iborani tushunmasang, boshqa ibora bilan aytayin: bilgilki, komil inson shunday insondirkim, unda quyidagi to’rt narsa kamolga yetgan bo’lsin: yaxshi fe’l, yaxshi axloq va maorif».

Nasafiy sanagan sifatlarning dastlabki uchtasi, ya’ni yaxshi so’z, yaxshi fe’l, yaxshi xulq Zardusht kitobi «Avesto»dan olingandir («Guftori nek, kirdori nek, raftori nek»). Bu sifatlar bilan ziynatlangan odam yolg’on, riyo va badkirdorlikdan chekinadi, hamma vaqt ezgu niyat bilan ezgu ishlarga tayyor turadi. Aziziddin Nasafiy yaxshi axloq haqidagi Zardusht so’zi yoniga «maorif», ya’ni tasavvufiy poklanish talabini qo’shib qo’ygan. Uning fikricha, tariqat yo’liga kirgan soliklar vazifa-maqsadi ushbu to’rt fazilatni egallashdir. Kimki «o’zida shu sifatlarni kamol toptirsa, u kamolga erishadi».

Nasafiyning mazkur ta’rifidan ikkita xulosa kelib chiqadi. Biri shuki, olim nazarida komil inson hayotdan taqari bo’lgan allaqanday mavhum zot emas, balki real odamdir. Yaxshi sifatlarni egallab borgan odam shunday martabaga ko’tarila oladi. Ikkinchi xulosa shuki, Nasafiyga ko’ra, komil inson martabasi tariqat va riyozat yo’li bilan qo’lga kiradigan yuksak martabadir.

Komil inson haqida yuqorida bayon etilgan fikrlarni o’zaro jamlasak, quiydagi xulosalar kelib chiqadi:

— Komil inson – insonlarning eng mukammali, eng oqili va eng donosi.

— Komil inson Iloh bilan odamlar orasidagi vositachi, ilo-hiy amr, g’ayb asrorini oddiy odamlarga yetkazuvchi ulug’ homiydir.

— Komil inson martabada Aqli kull (Aqli avval)ga teng. Alloh avval Aqli kullni, ya’ni Komil insonni yaratdi, keyin u tufayli boshqa maxluqotlar yaratildi.

— Komil inson ruhi azaldan ma’lum, u Tangri taolo yaratgan eng qudratli ruhdir.

— Komil inson shu sifatlari bilan mutloq ilohiy xislatlarni jamlagan kayhoniy mavjudlikdir, u agar oddiy inson suratida ko’rinsa ham, lekin ma’nan koinotni qamrab olgan hamisha bedor va hamma narsadan xabardor bir zotdir.

— Shu martabada u Allohning xalifasi bo’la oladi.

— Komil inson insonlar jamiyati ichidan yetishib chiqadigan mo»tabar zotdir. U azaldan martabasi aniq bo’lgan ruh emas, balki axloqiy-ma’naviy poklanish jarayonida kamolga erishgandir.

— Shu uchun har bir pok axloqli, ilohsevar shaxs komillikka intilishi va bu yo’lda nasiba olishi mumkin.

— Komillikning oliy belgisi Haq yo’lidan borib xalqqa foyda keltirishdir. Kishi o’z so’zi, amaliy ishlari, niyati bilan qanchalik odamlarga naf’ keltirsa, yomonlarni tuz yo’lga solsa, Haq yo’lida fido bo’lsa, u shuncha komildir.

Ushbu qarashlar garchi bir-biriga zid bo’lib tuyulsa-da aslida mohiyatiga ko’ra bir-biriga yaqindir. Ya’ni bu yerda insonning kamoloti, buyukligini tan olish, inson va Koinot, inson va Iloh, inson va Mavjudotni o’zaro vobasta, aloqador deb hisoblash bor. Qarashlar orasidagi farq esa shundan iboratki, ahli shariat tushunchasiga ko’ra, insonning qobiliyati va mayllari azaldan ma’lum, ya’ni Alloh taolo taqdiri azaldan belgilab qo’ygan. Payg’ambarlar, avliyolar, donishmandlar ruhi boshidanoq yuqori olamda ma’lum edi, bu ruhlarning martabalari avvaldan belgilangan edi, deydi shariat ahli.

Ammo hikmat ahli (faylasuflar) va tasavuf ahli fikriga ko’ra, insonga faoliyat uchun inon-ixtiyor berilgan, u harakat qilib, komillik asb etishi, niyatlariga yetishi mumkin. Shayx Aziziddin Nasafiy «Zubdatul haqoyiq» (Haqiqatlar qaymog’i) nomli risolasida yozadi: «Odamlarning so’zlari va faoliyati uchun oldindan belgilangan o’lchovlar yo’q. Bilim va boylikka ega bo’lish odamning say’-harakatiga bog’liq: odam qancha ko’p g’ayrat qilsa, shuncha bilmi va mol-mulki ortadi».

Aziziddin Nasafiy kamolotning belgisi sifatida ikki narsani asos qilib olgan. Buning biri – hamida axloq bo’lsa, ikkinchisi – o’z-o’zini tanish. Shu ikki asosning bor yoki yo’qligiga qarab u odamlarni uch qismga ajratgan. Birinchisi, hamida axloqiy xislatlar bilan bezanmagan va o’z-o’zini tanimagan odamlar. Ikkinchi, hamida axloqiy xislatlar bilan bezangan, ammo o’z-o’zini tanimagan odamlar. Uchinchisi, hamida axloqiy sifatlar bilan bezangan va o’z-o’zini tanigan odamlar. Olimning nazarida ana shu keyingi – uchinchi toifa odamlar komil inson-lardir: «Binobarin, insonning kamolotga erishishi hamida axloqqa ega bo’lish va o’z-o’zini tanish bilan amalga oshadi».

Shu tariqa, komil insonning o’ziga xos axloq kodeksi ishlab chiqilgan bo’lib, bu sifatlarga ega bo’lish har bir odamning orzu-armoni deb qaralgan. Bundan yana shu ham ma’ulm bo’ladiki, o’rta asarlardagi yaxshi axloq, komil inson haqidagi tushunchalar nisbiy xususiyatga ega – bir tomondan, jami ruhiy-ma’naviy qudrat, aqlu zakovat, yaxshi sifatlarning jamuljami hisoblangan mavhum bir zot tushunchasi, ikkinchi tomondan shu cho’qqiga intilib, muayyan matarabalarga erishgan kishi ham komil inson deb hisoblangan. Ammo masala qanday qo’yilishidan qat’iy nazar, komil inson haqidagi g’oyalar katta ijtimoiy-axloqiy ahamiyatga ega bo’ldi, insonni sharafli, ezgulik va Buyuk Xayr ruhida tarbiyalash, mehru muhabbat, vafo va sadoqatni kuchaytirishga xizmat qildi. Har zamon, har lahza insonlarga ularning insonligini eslatib, yovuz, qabih ishlar, nojo’ya qiliqlardan saqlanishga ko’maklashadi, iymon va vijdon binosining poydor bo’lishini ta’minlaydi.

Komil inson

1444 йил 22 Рамазон | 2023 йил 12 апрель, Чоршанба.

Намоз вақти: Қарши

04:47
06:06
12:38
17:16
19:10
20:29

Намозни тўлиқ адо этинг. Албатта, намоз мўминларга вақтида фарз қилингандир (Нисо сураси 103-оят)

Комил инсон

7-10-2021, 08:57 137 Ўқиш режими + –

Комил инсон ким дейилса, ҳеч адашмасдан комил инсон – Пайғамбаримиз Муҳаммад (с.а.в.) десак адашмаган бўламиз. Пайғамбаримиз Муҳаммад (с.а.в.)нинг ҳаётлари ва фаолиятлари биз мўъмин-мусулмонларга қандай яшаш кераклигини кўрсатувчи намунадир. Маълумки, Пайғамбаримиз Муҳаммад с.а.в. милодий 571 йилда Мавлуд ойининг 12 душанба куни туғилганлар. У зот таваллуд топадиган кечалари бир қанча ғаройиб воқеалар содир бўлгани у китобларда зикр қилинади. Жумладан, у зот туғилганларида бир нур пайдо бўлиб, унинг зиёси Шом диёридаги қасрларни ёритиб юборади. Форс юртида мажусийлар сиғинадиган олов ўчади. Бутхонадаги санамлар қулаб тушади. Пайғамбаримизнинг оталари Абдуллоҳ, оналаринг исми эса Амина эди. Пайғамбаримиз туғилганларида оталари вафот этган бўлиб, олти ёшларида оналари Амина ҳам вафот этади. Бу ҳақда Хожа Аҳмад Яссавий “Ҳикматлар” китобида шундай ёзади:
Муҳаммадни сифат қилсам камина,
Оносининг оти билгил Амина.
Отоси оти Абдуллоҳ экандур,
Онодин туғмайин ўлган экандур.
Пайғамбар Муҳаммад (с.а.в.) боболарининг тарбиясида етти ёшгача бўладилар, сўнгра боболари вафот этиб у зот амакилари Абу Толиб қўлида қоладилар.
Бобоси етти ёшда ўлибдир,
Расулни аммасига ҳам берибди.
Абу Толиб Алининг отасидур,
Қамуғ арабларни каттасидур.
Пайғамбаримиз етимликда катта бўладилар. Бу ҳақда ҳам “Ҳикматлар” китобида:
Расул айди анга, ен ҳам етиммен,
Етимликда, ғарибликда ётиб мен.
Муҳаммад айдилар ҳар ким етимдур,
Билингиз ул мени хос умматимдур, деб берилади.
Пайғамбаримиз с.а.в жуда сабрли, борига қаноат қиладиган одам эдилар. Бир неча кунларни баъзан овқатсиз ўтказар эдилар. У кунларда пайғамбаримизга хурмо ва сувнинг ўзи кифоя қилар эди. Пайғамбаримиз содда ҳаёт кечирар ва бировга ўз аҳволларидан шикоят қилмас эдилар. У зот оддийгина кийиниб, ғоятда оддий таом ер эдилар. Кийимларига ўзлари ямоқ солар. қўл тегирмонида ун тортар эдилар. Кийимларининг тозалигига ниҳоятда катта аҳамият берар эдилар. Пайғамбаримиз оғизни бадбўй қиладиган нарсаларни хушламас эдилар. Овқатдан олдин ҳам. кейин ҳам қўлларини ювар, оғизларини чаяр эдилар. Тиш тозалаётганда доимо мисвок ишлатар эдилар. Таналарини тоза тутар, хуш бўй нарсалардан фойдалар эдилар. Хулқлари жуда мулойим эди. Ҳеч кимга ёмон гапирмас, қўпол муомила қилмаганлар. Бутун ҳаракатларида ўрта ҳолликни танлар эдилар. Бирор жойга бормоқчи бўлсалар, ўнг-сўлга алангламасдан, тўғри юриб борар эдилар. Юрганларида ёнларидагилар орқада қолиб кетар, ҳатто у кишига етиб олиш учун югуришга мажбур бўлишар эди. Пайғамбаримиз ҳазил-мутойиба қилсалар одоб доирасида, ҳақ ва рост сўз билан ҳазиллашар эдилар. Бировни ёмонлаб гапирмас, ҳеч кимни ғийббат қилмас эдилар. Бировни ҳақоратламас, бошлиқларнинг сирларини билишга ҳаракат қилмас эдилар. Биров билан тортишишни, баҳслашишни ёмон кўрар эдир. Ҳеч қачон тўғриликдан, ростгўйликдан ажралмаганлар ва ёлғон гапирмаган эдилар. У зот ёлғондан, ёлғончилардан афратланар эдилар.
Бу ҳақда ҳам “Ҳикматлари”да:
Ал-каззобу ло умматий” деди, билинг Муҳаммад,
Ёлғончилар қавмини уммат демас Муҳаммад.
У зот мусибатларга ҳам бардошли эдилар. Дўстларига ҳурмат ва эҳтиромлари чексиз эди. Инсонлар йиғилиб турган жойга келсалар жой танламас. Қаер бўш бўлса дарҳол ўтириб олар эдилар. Уйларига келган меҳмонларга ўзлари хизмат қилар эдилар.
Болаларни жуда яхши кўрар эдилар. Ҳаёти давомида бирор боланинг қалбини ўкситмаган эдилар. Ҳадисларнинг бирида: “ Сизларнинг яхшиларингиз хотин, бола-чақасига яхшилик қилувчиларингиздир” деб марҳамат қилганлар. Пайғамбаримиз фақир ва мискинларга, бечора инсонларга жуда шавқатли эдилар. Ўзлари муҳтож бўлиб турганларида ҳам бировларга таомларини берар эдилар. Аммо у зот инсонларнинг тиланчилик қилишларини хуш кўрмас эдилар. Инсон ўз тирикчилиги учун ҳамиша меҳнат қилишга буюрар эдилар. Ўзлари ҳам чўпонлик қилган, савдо иши билан шуғулланган эдилар. Уй ишларида ҳам аёлларига ёрдам берар эдилар. Пайғамбаримиз Муҳаммад (с.а.в) доимо инсонларга меҳнат билан умр кечиришни тавсия қилганлар.
Пайғамбаримиз одамларга биринчи бўлиб салом берар, ўзларини баланд олмас эдилар. Одамлардан хато камчиликларни кечирар эдилар. Бировни айби –нуқсонни юзига солмас эдилар.
Аллоҳ таоло барчамизни Пайғамбаримиз (с.а.в.) ҳаётларидан ибратланиб, У зотнинг шафоатларига етишимизга муяссар қилсин!

Р. Акбаров,
Ўзбекистон мусулмонлар идорасининг Қашқадарё вилоят вакиллик ходими

Comments are closed, but trackbacks and pingbacks are open.