Press "Enter" to skip to content

Boy insonlar bilan kambag’al insonlarning farqlari

Xalqning qo`lida pul qolmasa, iqtisod to`xtaydi.

Boyning ko`zi — xonda, yo`qning ko`zi — nonda. Kambag`allikka qarshi kurash olib boramiz. Qanday?

Kambag`allik yurtimizda ko`p yillar “yopiq mavzu” bo`lib keldi. 2020 yil 24 yanvar kuni O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu haqda ochiq-oydin gapirildi va tariximizda birinchi marta kambag`allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Shuningdek, aynan tadbirkorlikni rivojlantirish va kasbga tayyorlash orqali kambag`allikni kamaytirish bo`yicha alohida yig`ilish o`tkazildi, ushbu yo`nalish bo`yicha maxsus dastur ishlab chiqilishi e`lon qilindi.

Shukur, “xalqimiz farovon”, “dunyoda eng baxtli millat ekanmiz” degan balandparvoz gaplarning davri o`tdi, bir qadar bori boricha aytilyapti. O`zbekistonning bu yilgi Davlat dasturida “kambag`allikka qarshi kurash” alohida dasturiy yo`nalish sifatida qayd etildi. Bu osmondan tushgan istiloh emas, to`qilgan bir atama ham emas. Dunyo davlatlarini jamlagan Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Qashshoqlikka qarshi kurash to`g`risida” Konvensiyasi bor. Dunyoda qashshoqlikning mezonlari ishlab chiqilgan.

Kambag`al kim? U qanday hayot kechiradi? Boy yoki kambag`allikning o`lchami, shamoyili, tamoyili nimalarda ko`rinadi? Unga qarshi qanday kurashiladi?

Xalqimizda bu borada hikmatlar ko`p. Kambag`allik – izchil pulsizlikdir. “Bepul bozorga borguncha, kafan olib mozorga bor”, “Bozorda bari bor, puling bo`lmasa, nari bor. ”, – deydilar. Elning xaddan tashqari qashshoqlashuvi, kambag`allar soni ortib borishi davlat uchun ham, xalq uchun ham tahlikalidir. Chunki, “bechoraning daryo to`pig`idan kelmas”, hech narsasi yo`q odam, qashshoq xalq hech narsadan qo`rqmaydigan, salga bosh ko`taradigan bo`lib qoladi. “Boy bo`lsang, kunda hayit, kunda to`y, yo`q bo`lsang, kunda hasrat, kunda o`y. ” Atrofdagilar ham qo`lingga qarab muomala qiladilar: “Boy kiysa — qulluq bo`lsin! Kambag`al kiysa— qayoqdan olding?” Kambag`alni ezib boy bo`ladilar: “Boyning bojasi ko`p, qulning — xo`jasi ko`p”. “Yashash uchun mehnat qilish kerak, yaxshi yashash uchun esa “o`maradigan mansab” kerak”, – deyishadi, zero “bordan — davlat, yo`qdan — mehnat”. Kambag`al o`zidan o`tganini o`zi biladi: “Kasal dardini sog` bilmas, ochning qadrini to`q bilmas”.

KAMBAG`AL KIM?

Dunyoda kambag`allikning o`lchami, indeksi o`rnatilgan. Jahon banki vaqt-vaqti bilan qashshoqlikning xalqaro darajasini e`lon qiladi. Chunki pul, hatto dollar yillar mobaynida qadrsizlanadi. 2008 yildan boshlab qashshoqlikning global darajasi 1,25 AQSh dollari edi, ya`ni kuniga shundan kam pul topadigan inson qashshoq hisoblanardi. 2015 yil oktyabridan bu daraja 1,90 AQSh dollari etib belgilandi. Xalqaro hisob-kitoblarga ko`ra, ayni paytda er yuzida 700-800 million qashshoq bor.

Qashshoqlikning global darajasi nimadan kelib chiqib hisoblangan?

Kuniga 1,9 AQSh dollaridan kam pul topa oladigan inson, qoida tariqasida, o`zining ovqatga, kiyimga va turar-joyga bo`lgan ehtiyojini qondira olmaydi. Qashshoqlik darajasida bo`lish uchun faqat o`zi o`zini boqadigan odam ham oyiga 57 AQSh dollaridan ziyod pul topishi kerak. Oilani olsak-chi, aytaylik, oilada ona – uy bekasi bo`lsa, uchta voyaga etmagan (maosh olmaydigan) farzand bo`lsa, oila boquvchisi 285 AQSh dollariga teng maosh olsa, hali oila qashshoqdir. Bu dunyoning o`lchamidir. AQSh o`zi uchun qashshoqlik darajasini kuniga 4 dollar etib belgilagan. Dunyodagi taraqqiyot sohasida sheriklikning Butunjahon assosiasiyasi 2019 yil 13 dekabrida 2020 yilda qashshoqlikka qarshi kurash uchun 82 milliard AQSh dollari ajratishga azm qildi. Qashshoqlik dunyoviy muammodir.

DUNYo – NOAYoN DUNYo, ROSTMI Yo YoLG`ON DUNYo.

Xo`sh, agar o`rtacha oila boquvchisi o`rtacha 285 AQSh dollaridan ziyod maosh olsa, oila qashshoqlik chegrasidan ziyod bo`lsa, ya`ni kamida 3 000 000 (uch million) so`m maosh olishi lozim bo`lsa, O`zbekistonda qancha qashshoq bo`lishi mumkin?!

O`zbekiston moliya vazirligi va Davlat soliq qo`mitasi e`lon etgan rasmiy ma`lumotga ko`ra, ishlaydigan aholining deyarli yarmi (43,6 %) maoshi o`tgan yili 1 million so`mdan oshmagan, ya`ni $100 atrofida bo`lgan. Yana chorak qism aholi maoshi oyiga 2 million so`m atrofida bo`lgan. Demak, kamida 75% aholi xalqaro mezonlarga ko`ra qashshoq hisoblanishi mumkin. Faqat chet eldan ishlab kelganlarning mablag`i (mamlakatga 7-9 milliard AQSh dollari kiradi), tomorqalardan, ishdan tashqari bajariladigan qo`shimcha ishlardan tushumlar qashshoqlik darajasini biroz engillashtiradi, xolos. Faqat 4,3 % aholining daromadi oyiga – 5 yoki undan ziyod bo`lgan ($500). Umuman bizda boylar 1-2 foiz bo`lsa kerak, ularning daromadi qolgan 98 foiz odamnikiga teng.

Statistika muassasalari beradigan “o`rtacha hisobda” hammasi chidasa bo`ladigan tarzda ko`rinishi mumkin. Buning sababi oddiy: deylik, bir kishi go`sht eydi, boshqa oila guruch eydi, uchinchi oila yashil karamning o`zini eb o`tiribdi. “O`rtacha olganda” – hamma go`shtu guruch karam bargiga o`ralgan oromijon do`lma “eb” o`tirgan bo`ladi. Ehtimol yigirmatacha shahar boylari-yu hokimining daromadini uch millionli shahar aholisiga bo`lib chiqsa, “o`rtacha daromad” statistikasi chiroyli chiqishi mumkin.

Umuman jahonda boylar va kambag`allar o`rtasida tafovut oshib bormoqda.

Jahondagi 26ta boy insonning daromadi dunyo aholisining yarmining daromadidan ortiqdir. O`tgan yil mobaynida dunyodagi boylar yanada boyidilar va qashshoqlar undan-da qashshoqlashdilar. Hatto Xitoyda karonavirus bilan kurash asnosida 14ta yangi milliarder paydo bo`ldi. Hatto fojea va inqirozlar ham boylarni sindirmayapti, aksincha, jahon “iqtisodiy inqirozi” boshlangan 2008 yildan buyon o`tgan o`n yillikda dunyoda milliarderlar soni ikki barobarga ko`paydi.Birgina 2018 yilning o`zida boylarning daromadi 900 milliard AQSh dollariga oshdi, ya`ni har kuni 2,5 milliard dollarga ko`paydi. Xuddi shu vaqt mobaynida jahon aholisining qashshoq qismi 11%ga qashshoqlashdi.

Soliqlar-chi? Soliqni asosan oddiy odamlar to`laydilar. Boylar soliqdan qochishning yo`lini biladilar. Dunyoda soliqqa to`langan har bir dollarning faqat 4 senti boylardan tushgan soliqdir.

Dunyoning eng boy odami bo`lgan Amazon sohibi Jeff Bezosning boyligi 112 milliard AQSh dollariga etdi. Uning faqat 1% 105 million kishi yashaydigan Epiopiyaning sog`liqni saqlash tizimi byudjetidan ziyoddir. Oxfam xalqaro tashkiloti ma`lumotlariga ko`ra, agar dunyo eng boylarining 1% insofga kirib, 0,5% ga ko`proq soliq to`lasalar, dunyoda bugun ta`limdan mahrum bo`lgan 262 million bolalarga tahsil berish mumkin bo`lardi. Afsuski, hukumatlar boylarning firma va korporasiyalariga, monopolistlarga soliq imtiyozlari beradilar, xalqning mahsulotlari va xizmat turlariga, non, tuz, yog`, shakar va boshqa mahsulotlar narxiga ta`sir ko`rsatadigan elektr, gaz, benzin kabi energiya tashuvchilarga soliqni oshiradilar, chunki xalqning soni ko`p, o`zbek xalq maqolida aytilgani kabi, “bir tiyindan bersa, to`ydiradi”, ammo maqolning davomi ham bor: “bir mushtdan ursa, o`ldiradi”.

Albatta, ovoz olish uchun, xalqqa yoqish uchun byudjetning ijtimoiyligi maqtaladi, “kam ta`minlangan oilalar”ga turli dasturlar e`lon qilinadi, “holvaytar” va`da qilinadi, ammo bu xalqqa etib kelguncha, yo`lda boylar “yalab” qo`yadilar. Moliyaviy dasturlarga tushgan odamlar mansabdor ko`zida hisobot katkchalari ichidagi “matn qatorlari” va “raqamlar”ga aylanadilar, odamlik qimmatini yo`qotadilar, ko`zlari el hasratini ko`rmaydi.

Qashshoqlarni ko`rish uchun esa, ko`chaga chiqib, nazar solish kifoyadir. Hashamatli “gipermarket” kassasining qarshisida buxanka non tutib, tiyin-tiyinlarini sanayotgan kampirlarga bir boqing, ko`chada tilanchilik qilayotgan chollarga, “mashinangizni yuvib, artib beraymi” deb yalinayotgan bolalarga qarang. Bu – dil og`rig`i bo`lgan muammo va bu masala bilan chorak asr hokimiyat shug`ullanmayotgan edi. Nihoyat, 2020 yil Davlat dasturida bu muammoga e`tibor qaratilmoqda.

Bir latoif bor: “Tangri hammani jufti bilan yaratgan. Agar sening ayoling bo`lmasa, demak, kimdadir ikkita bo`lishi tayin”. Dunyodagi har narsa, boylik hisoblidir, rasamadlidir. Bir nechta kimdir boyishi uchun bir qanchalar qashshoq bo`lishga majburdir.

RIVOYaT.

Bir qari chol bitta non o`g`irlagani uchun mahkamaga jazolagani olib kelindi.

Chol aybiga iqror bo`ldi. O`g`irlik qilganini inkor qilishga harakat ham qilmadi. Lekin aytdiki: «Ochlikdan o`lay dedim». Shuning uchun.

Shunda qozi: “O`g`irlik qilganingni tan olding. Endi men senga 10 dirham jarima solaman. Yana shuni bilamanki, senda 10 dirham tugul, 1 dirham ham yo`q. Chunki o`g`irlikni yo`qchilikdan qilgansan. O`sha 10 dirhamni men to`layman”, – dedi.

Yig`ilganlarning barchasi jim bo`lib qolishdi. Ular qozining o`z cho`ntagidan 10 dirham chiqarib, chol berishi kerak bo`lgan jarimani to`laganiga guvoh bo`lishdi.

Qozi yig`ilganlarga qarab: “Sizlar ham 10 dirham dan tashlashga mahkumsiz! Chunki sizlar faqirlar non o`g`irlashga majbur bo`layotgan shaharda yashamoqdasizlar. ”

Majlisda 480 dirham yig`ildi. Qozi yig`ilgan pullarni olib cholga berdi.

Imom Sha`roviy rahmatullohi alayh: «Agar sen yurtda biror kambag`alni ko`rsang, albatta o`sha erda uning molini o`g`irlagan boy ham borligini bilgin», – deganlar.

QAShShOQLIKKA NIMALAR SABAB BO`LADI?

Qashshoqlikning siyosiy (ma`muriy-buyruqbozlik tizimining saqlanganligi), iqtisodiy (monopolistik va oligarxik iqtisod, ishsizlik, maoshning ozligi, jamg`armalarning yo`qligi), huquqiy (kichik biznes va aholining huquqiy himoyasi zaifligi), ma`muriy (davlat tizimining samarasizligi), ijtimoiy (ijtimoiy aloqalar rivojining sustligi, tabaqalanish, shaxsning ijtimoiylashmaganligi),madaniy (kambag`al uchun sadaqadan boshqa e`tibor kamligi, ilm-fan, kitobga qiziqmaslik), va shaxsiy (bemorlik, dangasalik, boqimandalik, shaxsning past ma`naviyati va ruhiy parokandaligi) sabablari bor.

Afsuski, hokimiyat hamisha shaxsiy sabablarni birinchi o`ringa qo`yib kelardi, ya`ni xalqni “boqimanda”likda, “dangasa”likda ayblashni xush ko`rardi. Ularga kredit bersa, dastgoh bersa, ishlab, boyib ketadi, deb o`ylardi. Ma`muriy-buyruqbozlik tizimini isloh qilishni istamasdi. Natijada, bank kredit berish uchun “otkat” (pora) so`rardi, soliqchi va prokuror harakatga tushgan “dangasa”ning biznesidan “dolya” (ulush) talab etadi, talayverib, xonavayron qilardi. Ya`ni yangi islohotlarning kompleks amalga oshishigina ko`p muammolar qatori qashshoqlikni engish uchun imkon berishi mumkin, boshqa yo`l yo`q.

Avvalo buyuk bobolarimiz xunlarning qo`l ostida bo`lgan davrdagi chin hikmatini keltirsak: “Odil yurtda qashshoqlik – uyat, adolatsiz yurtda – boylik uyatdir”. Ma`nosi shuki, odil yurtda, ishlab pul topish uchun sharoitlar bor bo`lgan joyda, dangasalik qilish, boqimanda bo`lish uyatdir, boy bo`lish mumkindir va lozimdir. Adolatsiz yurtda boy bo`lish uyat, chunki boy bo`lish pora berish, tanish-bilishchilik, qarindoshlar biznesigagina imkoniyatu imtiyoz berish bilan bog`liq, demakki, halol odam boy bo`la olmaydi, bunday vaziyatda boy bo`lish haromxo`rlikdir, halol boyish imkonsizdir.

Qashshoqlikning shaxsiy sabablariga kelsak, ular ham bor.

Yashash uchun harakat qilish kerak. Har holda harakat qilib boyish ham mumkin, boyimaslik ham mumkin, ammo harakat qilmasdan boyish ilojsizdir. Aqli bor odam taslim bo`lib, bo`shashib o`tirmaydi, insonni qutqaradigan narsa uning aqli va shijoatidir.

Dangasalik ham bor illatdir. Ishlamaslik uchun sabab topiladi: sarmoya yo`q, sharoit og`ir, zamon boshqacha va hokazo. Omad biror burchakda kutayotgandir, ammo o`sha burchakka tomon harakatlanish ham kerak.

Adashmoq bor: «men qalamkashman, ijodkor hech qachon boy bo`lmagan». Boy ijodkorlar bo`lgan. Alisher Navoiy kambag`almidi?! Bir surati million dollar sotiladigan musavvirlar bor, bir kitobi millionlab adadda bosiladigan yozuvchilar bor. Har kim o`z kasbining oldi bo`lishga harakat qilsa, zafar qozonadi.

Yangicha tafakkur kerak. «Men halolman, shuning uchun qashshoqman», – deydigan, shu yo`sindagi tarixlarni qalashtiradiganlar bor. Oddiy talaba bo`lgan, yangi texnologik dasturlar yaratib, Instagram, Skype, FaceBook, Google va boshqalarni ishlab chiqib, milliarder bo`lib yurganlar bor. Aqlni ishlatish kerak.

Ishni maosh olish uchun bajarish boy qilmaydi. Ishni sevib bajarish kerak, boylik sidq ortidan o`zi keladi. Boylikka erishish uchun oldinga maqsad qo`yish va harakat qilish, o`qish-o`rganish, boylikni to`plamay, ishga solish, ruhni charxlash, fikrni komillashtirish kerak. “Boy bo`lib tug`ilmaydilar, boy bo`lib etishadilar” degan gap bor. Bu erda asosiy gap “etishish”dir. Etishish – harakatlanish, takomillashish demakdir. “Hozir vaqti emas”, – demang. Boshqa vaqtingiz bo`lmaydi. Sizdek paytini kutib umr o`tkazib yuboradiganlar qancha ko`p bo`lsa, uddaburonlar otini qamchilab, oson olg`a ketaveradi.

Bular insoniy, shaxsiy sabablar edi. Endi bir tasavvur qilaylik! Hamma dangasalar birdan harakatga tushsa, sarmoya topib, tadbirkor bo`lsa yo boshqa ishga kirishsa, qashshoqlik tugaydimi? Yo`q, albatta.

Mamlakatdagi ommaviy qashshoqlikning asosiy ijtimoiy-siyosiy sabablaridan eng birinchisi deb korrupsiyani tilga olamiz. Korrupsiya yashirin iqtisodni kuchaytiradi, byudjet tushumini kamaytiradi, davlat kuchini susaytiradi, poraga monopolistlarga imtiyozlar berib, raqobatni yo`q qiladi, samarali bozor iqtisodini parokandalashtiradi, oqil va omilkor mulkdorlar sinfini yo`q qiladi, jamiyatni ma`nan tubanlashtiradi, sarmoyadorlarni qo`rqitadi va, nihoyat, qashshoqlarni badtar qashshoqlashtiradi va ko`paytiradi.

Kambag`allikning yana bir sababi – iqtisodda o`rta va kichik biznesning og`ir ahvoldaligi, mulkchilikning kafolatlanmaganligi, bozor mexanizmlarining ishlamasligi, samarasiz davlat iqtisodining va oligarxik monopoliyalarning himoyasiz tadbirkorlar va fermerlarga bosimidir.

Davlat o`z asrini yashab bo`lgan monopol korxonalarini, kompaniyalarini, dabdabali korrupsion loyihalarni subsidiyalashni davom etar ekan, iqtisod og`irlashaveradi, kabag`allik ko`payaveradi. Davlat samarasiz monolpoliyalarga imtiyoz beraveradi, ammo bu sohalarning “ahamiyati” puflab shishirilganligiga e`tibor qaratmaydi.

Shunday qilib, kambag`allikning sabablari sifatida milliy iqtisodning global jarayonlarga monandlashmaganligini, monopol iqtisod sohalarining raqobatbardosh emasligini, ishlab chiqarishning samarasizligi va yaxshi tashkil etilmaganligini keltirish mumkin.

Darhaqiqat, O`zbekistondagi kambag`allikning asosiy sababi xalqning mentaliteti, “dangasa”ligi emas, asosiy sabablar korrupsiya, kichik biznesning yo`lsizligi, bozor iqtisodining to`laqonli joriy etilmaganligi, asosiy “tadbirkor”, mulk egasi va sanoatchi davlat bo`lib qolayotgan iqtisodning monopollashgani, boshqaruvning ma`muriy-buyruqbozlik usulining saqlanib qolishi, siyosiy, ma`muriy va iqtisodiy islohotlarning to`laqonli amalga oshmayotganligidir.

KAMBAG`ALLIKNING IQTISODIY TILSIMI

Kambag`allar — hayotdan ko`nglini deyarli uzgan toifadir, ular siyosatdan bezganlar, bozorchi biznesmenlarni ham qiziqtirmaydilar, chunki mahsulot olishga pullari yo`qdir. Faqat ularning jimliklari omonat, bu jimlikni bexos buzishlari mumkinligi tufaylidan ulardan xavotir olishadi, siyosatchilar insonparvarlik sababidan bo`lmasa ham, ana shu tahlika tufayli kambag`allarga g`amxo`rlik haqida goho bong urishlari mumkin.

Holbuki, kambag`allikka qarshi kurashishda katta iqtisodiy va siyosiy manfaat bor. Tushuntiraman. Buni dastlab dunyoning dastlabki milliarderlaridan bo`lgan Genri Ford otamning otalari tug`ilgan 1911 yilda yozganlarini tarjima qilayotib, anglaganman. Davlat va biznes xalq kambag`al bo`lganidan ko`ra, boy bo`lishidan manfaatdor bo`lishi kerak. Xalqningqo`lida davlat tortib olishidan ortib qancha ko`p pul qolsa, o`sha pul iqtisodni, sanoatni, xalq xo`jaligini rivojlantiradi.

Farovon va baxtli yurt shuki, boyligi xalqining qo`lidan davlat olgani emas, xalqining qo`lida ko`proq qolganidir. Afsuski, oxirgi paytlarda hayotiy zarur mahsulotlar va xizmatlarning narxi oshib borgani sari odamlarning qo`lida yashashdan ortiqcha mablag` qolmayotir. Pasportni hadeb yangilash, yangi haydovchilik guvohnomasi kiritish, yo`l qoidalari buzish jarimasini oshirish, avto oynasini qoraytirishga pul joriy qilish, issiq suv, sovuq suv, gaz va hokazo xizmatlar narxini tinimsiz oshirish, benzinga yo`l solig`ini qo`shish va hokazo ming turli usullar bilan xalqning qo`lida oziq-ovqat pulidan boshqaga pul deyarli qolmayapti.

O`zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2019 yil 15 avgustidan elektrni 18 foiz, tabiiy gazni 19 foiz, suyultirilgan gazni 18 foiz, benzin va dizel yoqilg`isi narxlarini 13 foiz oshirdi.2018 yil 15 noyabridan mamlakatda elektr haqi 9,3%, gaz 10,4 foiz, suyultirilgan gaz 18,7 foiz, benzin 5,2 foiz qimmatlagan edi. Shuningdek, o`tgan yil sentyabrida hukumat buxanka non narxlarini bozor ixtiyoriga qo`yib yuborishga qaror qilgan edi.Jurnalistlar bilan muloqotda Moliya vaziri “agar bozor iqtisodiyoti qurmoqchi bo`lsak, unda narxlar erkin bo`lishi” kerakligini aytadi. Ajabo, narx oshirish kerak bo`lsa, bozor iqtisodi kerak, lekin monopoliyalarni tugating, halol raqobatga yo`l bering desang, “hali erta!”

Xalqning qo`lida pul qolmasa, iqtisod to`xtaydi.

Endi tasavvur qiling, deylik, shu insonlarning qo`liga pul tushsa, ular nima qiladi, mashina oladi – mashina zavodi ishlaydi, sochini sartaroshga oldiradi – sartaroshning ro`zg`ori ham farovon bo`ladi, taksiga chiqadi – haydovchining oilasini boqishga hissa qo`shadi, uy quradi – g`isht, sement, ohak zavodlari ishlaydi, ustalar, suvoqchilar, tunukachilarga ish topiladi, to`y qiladi – restoranlar, hofizlar, qandolatchilar va boshqa yuzlab sohalar ishlaydi. Iqtisodni ishlatadigan iste`molchi xalqdir. Davlatni ham shu xalq boqadi. Ko`ryapsizki, bir insonning qo`lida qolgan pul iqtisodiyotni yuritadi. Agar xalqni butkul qashshoq qilsak, iqtisodimiz ham to`xtaydi.

Agar kambag`allar ham ishga tushsalar, pul topsalar va qo`llari mablag` ko`rsa, bu bozor uchun, iqtisod uchun yangi xaridor va xizmatlar iste`molchisi demakdir. Davlat xalqdan yulishga emas, xalqda ko`proq qoldirishga harakat qilishi kerak. Aks holda davlat boyigani bilan xalq qashshoq bo`ladi, davlatning boyligini korrupsionerlar eb qo`yadi.

Kambag`allikka qarshi pul bilan emas, aql va bilim bilan kurashish kerak. Shuning uchun Shavkat Mirziyoev kambag`allarga baliq emas, qarmoq beramiz, ya`ni ularni kasbga o`rgatamiz va biznesga tortamiz, deydilar. Endi gap sarmoyaning yo`lda tunalmay, kambag`algacha etib borishida va biznesni ma`muriy va huquq-tartibot idoralari bosimidan qutqara olishdadir.

Korrupsiya kambag`allikni tug`diradi, kambag`allik esa madaniyatni, ma`naviyatni bartaraf qiladi, jamiyatdagi o`zaro ishonchni yo`qotadi. Qashshoqlik taraqqiyot kushandasidir.

DARVOQE.

Ma`lumki, har qanday mamlakatda aholining kam ta`minlangan qatlami mavjud. O`zbekistonda ham odamlarning muayyan qismi etarli daromad manbaiga ega emas. Xalqimiz farovonligini oshirish maqsadida “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, tomorqani rivojlantirish kabi dasturlar qabul qilingan. O`tgan ikki yil davomida birgina oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida byudjetdan qariyb 10 trillion so`m imtiyozli kreditlar ajratildi. Albatta, bu aholi bandligini ta`minlash, oilalar uchun daromad manbai yaratishga bir qadar xizmat qiladi. O`zbekistonda kambag`allikka qarshi kurash bo`yicha 2020 yilning o`zida 700 million dollarlik dasturlar amalga oshiriladi.

Umuman olganda, kambag`allikka qarshi kurashning ikki yo`li bor.

Birinchi yo`l – davlat umuman iqtisodga bozor iqtisodini joriy etadi, tadbirkorlikka keng yo`l ochadi, mulk huquqini himoya qiladi, monopoliyaga yo`l qo`ymaydi, soliqlarni qulaylashtiradi va natijada kuchli iqtisod daromadlarni oshiradi va qashshoqlik yo`qoladi. Ammo, ahvolga boqsak, statistika daromadlar, yalpi ichki mahsulot yildan-yilga o`sayotganligidan xabar beradi, bu sur`at bilan allaqachon amerikadan o`tib ketishimiz kerak edi, biroq boylar boyib borgani sari, kambag`allar ko`paymoqda.

Ikkinchi yo`l — bevosita kambag`al oilalarga yordam berish, qashshoq odamlarning hayot darajasini oshirishdir. Bu faqat boylikni, mablag`larni qayta taqsimlash, boylardan bir qismini yulib, kambag`allarga berishdir. Bu chorani odamlarda boqimandalik kayfiyatiga olib kelishda, ishsizlikni oshirishda ayblashadi. Lekin bizdagi qashshoqlik ishsizlik tufayli emas, ishlaganlarda maoshning kamligidadir, xalq ish yo`qligidan qashshoq emas, ishlab kam maosh olganidan qashshoqdir va shuning uchun o`zini xorij mehnat bozoriga urmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev: “. biz shu paytgacha aksariyat fuqarolarimiz haqiqatan ham kambag`al ekanini ko`rib-ko`rmaslikka, eshitib-eshitmaganlikka oldik. Bu noto`g`ri. Afsuski, dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, xalqimizning 4-5 foizi kambag`al ekani aniqlandi. Endi yashirish kerak emas. Bizdagi ma`lumotlarga ko`ra, Qashqadaryo viloyati kambag`allik muammosi bo`yicha eng og`ir hudud hisoblanadi. 700 ming aholi kambag`al. Bu jami aholining qariyb 21 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasida 500 ming, Surxondaryo viloyatida 500 ming, Namangan viloyatida 400 ming, Jizzax viloyatida 210 ming va Sirdaryo viloyatida 130 ming aholi kambag`al”.

Zero, kambag`allikka qarshi kurashning birinchi qadami uni keltirib chiqarayotgan sabablarga qarshi kurashish bo`lishi kerak. Ekspertlarning fikricha, bukning uchun soliq solinmaydigan minimumga qaytilishi kerak. Bu minimum kamida yashash minimumi darajasida bo`lishi shart. Qonunchilik bilan yashash minimumi belgilanishi kerak. Boylarning daromadi va mulklariga soliq karrasiga oshirilishi lozim. O`zbekiston dunyodagi eng adolatsiz davlatlardan biri bu borada. Biznes egasi foydadan 5% soliq to`laydi, to`lasa, agar, yollanma ishchi esa – 12% to`laydi. Monopoliyalarni, ayniqsa davlat va hukumat idoralari benefisiarligidagi xususiy monopoliyalarni yo`q qilmay turib kambag`allikni kamaytirib bo`lmaydi. Amaldor biznesmenlar foydasiga chiqarilgan har soliq, har bir boj, har bir imtiyoz qolganlarni yoppasiga kambag`allashtiradi. Korrupsiyaga qarshi kurash halol, adolatli, qonuniy va hamma uchun teng bo`lishi kerak. Kambag`allikka qarshi kurashga ajratilgan pullar ham yo`l-yo`lakay o`zlashtirilishiga yo`l qo`ymaslik muhimdir. Kambag`allikka qarshi kurash yana bechora o`rta va kichik biznesni talashusuliga aylanib ketmasligi kerak.Soliq to`lagandan keyin biznes homiylik qilishga, paket qilib berishga, hokimlar ko`rsatgan firmalarga pul o`tkazib berishga majbur emas. Tadbirkor sahovatni imkoni bo`lsa va chin dildan qilishi mumkin.

Markaziy Bank ma`lumotlariga ko`ra aholi tomonidan olingan kreditlar birinchi navbatda avtomashinalarga, keyin maishiy texnikalarga, keyin mebellarga, keyin uy ta`mir jihozlariga va tibbiy davolanishga ishlatilgan. Ya`ni hali xalq olgan kreditlarni ham puldan-pul chiqarishga, ish ochishga sarflamayapti.

FAQIRLIK FALSAFASI

Birovlar: “Bu dunyo, uning mol-mulklari o`tkinchi”, – deydilar. Ayrimlar: “Men Allohga tavvakkal qilganman, o`zi rizqimni beradi”, – deb, umuman qo`llarini sovuq suvga urmaydilar va rizqni osmondan tushishini kutadilar. Nabiy alayhissalom Allohga tavakkal qilib, tuyasini yaylovga qo`yib yuborgan sahroyi arabga: “Avval uni bog`lab, keyin Allohga tavvakkal qil”, – deb buyurganlar.

Rivoyat qilishlaricha, tasavvuf ahlidan bo`lmish Shaqiq Balxiy rahmatullohi alayh tijorat maqsadida yo`lga otlanadi va safari uzoqqa cho`zilishini hisobga olib, narsalarini taqvodor va zohid do`sti Ibrohim ibn Adham rahimahulloh hazratlariga omonat qoldiradi. Lekin ko`p o`tmay Shaqiq Balxiy safardan qaytib keladi. Ibrohim ibn Adham hazratlari: “Nega buncha erta qaytding?” deb so`raganlarida Shaqiq Balxiy:“Yo`lda biroz dam olish uchun chetga chiqdim. Qarasam, u erda bir chalajon, ko`zlari ko`r qush yotar edi. Hayron bo`lib o`zimga o`zim: “Bu qush yura olmasa, ko`ra olmasa, bunday joyda qanday qilib jon saqlayapti ekan?” – dedim. Ko`p o`tmay bir qush unga taom ko`tarib keldi va bu harakatini kun bo`yi bir necha marotaba takrorladi. Keyin o`zimga o`zim dedim: “Shunday joyda bu qushni rizqlantirib qo`ygan Zot menga ham rizq beradi”, – dedimda ortimga qaytdim”, dedi.Shunda Ibrohim ibn Adham rahimahulloh bunday dedilar: “Ey, Shaqiq, nega birovlarning qo`liga qarab qolgan qushning yo`lini tutding? Nima uchun o`ziga ham, boshqalarga ham nafi tegadigan qushning yo`lini tanlamading? Beruvchi qo`l oluvchi qo`ldan yaxshi ekanini bilmaysanmi?”Shunda Shaqiq o`rnidan turib hazratning qo`llaridan o`pdi va “Ey Abu Ishoq, siz bizning haqiqiy ustozimizsiz” dedi va yana safarga otlandi. Shuning uchun bandadan – harakat, Yaratgandan – barakot. “Alloh sizga erni qarorgoh, osmonni tom qilgan va sizlarning suratlaringizni go`zal suratda qilgan, sizlarga pok narsalardan rizq bergan Zotdir. Ana o`sha Alloh Robbingizdir. Bas, olamlarning Robbi Alloh barokotli (yuksak) bo`ldi”.

Albatta, falsafiy-ma`naviy kesimda boylik – qanoatdir, qashshoqlik – ochko`zlikdir. Boriga eganiga, kiyganiga va maskaniga qanoat qilgan kishi ma`nan boydir, saroylari bo`lsa-da, yana talab qilayotgan, pora so`rayotgan, qalloblik qilayotganlar asli qashshoq va ochlardir.

Bu jihatdan o`n yil qamoqda o`tirgan, dunyo haqida ko`p o`ylagan, qamoqdan chiqib Urugvay Prezidenti bo`lsa-da, qishloqdagi kulbasida yashagan, “dunyodagi eng qashshoq Prezident” nomini olgan Xose Marukaning fikri o`rinlidir: “Qashshoqlikni emas, qanoatni targ`ib qilaman. Axir, siz biror jilvakor buyum sotib olayotganda, pul to`lamayapsiz – o`sha pulni topish uchun ketgan vaqtingizni, kuch-quvvatingizni, qalb qissiyotlaringizni, sarflagan umringizni to`layapsiz, hayotingizni sarflab topgan pulingizga olayapsiz. Holbuki, pulga hayotni sotib olib bo`lmaydi, hayotni qaytarib ham bo`lmaydi. Juda zaruridan ortiqchasi umringizning kushandasidir”.

ALAL-OQIBAT.

Yaqinda Farg`onaga safar chog`ida Shavkat Mirziyoev: “Mening eng katta maqsadim – odamlarni boy qilish”, deb aytdilar.Bu esa, qashshoqlikni tugatish, deganidir.Jahonning 127 davlati bo`yicha iqtisodiy tahlil va bashoratlarni qilib keladigan Focus Economics guruhi O`zbekistonni dunyoning eng qashshoq o`n davlati qatoriga qo`ygan.Qashshoq o`ntalikdan o`rin olgan davlatlarning aksari Sub Sahara Afrikasi davlatlaridir.Ulardagi mushtarak jihat – yakkahokim boshqaruv, zaif moliyaviy institutlar va korrupsiya xorij sarmoyalarining mamlakatga kirib kelishiga qarshilik qiladi.

Hozirda O`zbekiston eski boshqaruvining merosidanforig` bo`lish uchun islohotlar olib bormoqda. Bu islohotlarning kompleks o`tkazilishi va siyosiy, iqtisodiy, ma`muriy, ijtimoiy-ma`naviy sohalarni qamrab olishi boshqa muammolar qatori qashshoqlikka ham barham beradi, degan umid bor.

Karim BAHRIEV,

O`zbekiston jurnalistlar uyushmasi

Jamoatchilik Kengashi a`zosi

Boy insonlar bilan kambag’al insonlarning farqlari:

1. Boy insonlar Har bir narsadaning foyda tomonini ko’radi.
Kambag’al esa har narsaning salbiy tomonini ko’radi.
Boy: Ko’lmakda oyni ko’radi, Kambag’al: Ko’lmakda loyni ko’radi.

2. Boy insonlar Pulni ko’proq topish va jamlashni o’ylaydi.
Kambag’al insonlar Pulni ko’proq sarflashni o’ylaydi.

3. Boy insonlar doim ilm olishga yangiliklarni bilishga intiladi.
Kambag’al insonlar hamma narsani bilaman deb o’ylaydi.

Oxshash xabarlar:

  • Boy va kambag’al orasidagi 10 farq. ©J.Rokfeller
  • Robert Kiyosaki – Boy ota, Kambag’al ota kitobi
  • Boy va kambag‘al 12+
  • Siz bilan bir sanada tug’ilgan taniqli insonlar
  • Boy bo’lishni orzu qilish emas, boy bo’lishga qaror qilish…
  • 17-oktyabr Xalqaro kambag’allikni bartaraf qilish kuni
  • VPN va Proxy server o’xshashlik va farqlari
  • Koronavirus va oddiy gripdagi simptomlar farqlari.
  • HDD va SSD farqlari, afzalliklari va kimga qaysi biri kerak?
  • Biznesmenlar va oddiy odamlarning farqlari
  • JSON va XML farqlari nimada?
  • Mashhur insonlarning tug’ulgan kunlari va biografiyalari
  • Mamlakatingizdagi insonlarning tashqi koʻrinishi
  • Ism yoki familya bo’yich insonlarning soni
  • Mashxur insonlarning yuziga o‘zingizni yuzinggizni qo‘y

8 комментариев к “Boy insonlar bilan kambag’al insonlarning farqlari:”

  1. Уведомление: _zelda__ chaturbate
  2. Уведомление: nova88
  3. Уведомление: wow slot
  4. Уведомление: Buy weed Alabama
  5. Уведомление: 토토샤오미
  6. Уведомление: basil hayden kentucky straight bourbon whiskey
  7. Уведомление: check my site
  8. Уведомление: BK8

Sayt Haqida

Assalomu alaykum, Savol-Javob.com saytimizga xush kelibsiz.

Bu saytda o`zingizni qiziqtirgan savollarga javob olishingiz va o`z sohangiz bo`yicha savollarga javob berishingiz mumkin.

Boy va kambag‘al odamlar dunyoga qanday qaraydi: 8 ta farq

Millionerlarni boshqalardan nafaqat bank hisoblaridagi yirik summalar, balki butunlay o‘ziga xos dunyoqarash ham ajratib turadi, deb yozadi InsiderPro.

Millioner Stiv Sibold 26 yil davomida badavlat kishilarning odatlari va xulq-atvori haqida ma’lumotlar to‘pladi. Bu vaqt davomida u ko‘plab multimillionerlar va milliarderlar bilan uchrashib, suhbatlashdi. O‘z xulosalarini “Boylar qanday fikrlaydi?” kitobida bayon qildi.

Sibold aniqlagan eng muhim narsa — boylik siri pul topish mexanizmida emas, badavlat kishilarni boshqalardan ajratib turuvchi fikrlash tarzida. Quyida asosiy sakkizta farq bilan tanishishingiz mumkin.

  1. Boylar pullar ularning huquqi deb hisoblaydi

Sibold shunday yozadi: “Dunyo miqyosida fikrlovchilar kapitalistik mamlakatlarda jamiyatga katta foyda keltirayotgan bo‘lsa, badavlat bo‘lish huquqiga ega ekanligini biladi”.

  1. Boylar shaxsiy biznes — boylik to‘plashning eng tezkor usuli ekanligini biladi

“Haqiqat shundaki, doimiy ish shaxsiy biznesdan xavfsizroq emas. Birinchi qarashda bu mantiqqa ziddek tuyulsa-da, o‘ziga ishlovchi odamlar qo‘shimcha mablag‘ manbalarini qidirish va daromadini o‘z xohishiga ko‘ra oshirish imkoniyatiga ega”, — deb yozadi Sibold.

Albatta, o‘z ishini yo‘lga qo‘yish ma’lum bir xavflar bilan bog‘liq, biroq millionerlar bu xavf o‘z salohiyatini namoyon etishdan xavfliroq ekanligini biladi.

  1. Badavlat kishilar topqirlik muvaffaqiyat kaliti ekanligini tushunadi

Sibold shunday yozadi: “Maktabdagi besh baholar boylik kaliti bo‘lganda edi, kollejni a’loga tamomlagan har bir bitiruvchi millionerga aylanardi. Biroq boylik ma’lumotlarni eslab qolish va imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirish qobiliyatiga emas, sog‘lom fikrlashga bog‘liq”.

  1. Boylar jamoa bo‘lib ishlashga ishonadi

“Millionerlar hayotda ishonchli jamoa zarurligini yaxshi biladi va g‘oya va rejalarini hayotga tatbiq etishga yordam berishga qodir iqtidorli kishilarni qidirishga asosiy e’tiborini qaratadi. Buyuk imkoniyatlar kishilarning birgalikdagi aqliy va jismoniy harakatlari tufayli yaratiladi”, — deb yozadi Sibold.

  1. Boylar pul topish juda oson ekanligini biladi

“Odamlar doim badavlat insonlar aqlliroq, yaxshiroq ta’lim olgan va omadliroq deb hisoblaydi. Bu albatta yanglish fikr”, — deb yozadi Sibold.

  1. Badavlat kishilar boyib ketish uchun o‘ylash kerakligini tushunadi

Sibold o‘rta sinf daromadni oshirishning yagona yo‘li ko‘proq ishlash degan fikrda ekanligini tushuntiradi. U shunday yozadi: “Dunyoda ijodiy fikrlash eng ko‘p qadrlanadi. Ko‘proq pul topish uchun aqlingizni murakkab muammolar yechimini izlashga charxlang”.

  1. Boylar pullar — bu erkinlik deb hisoblaydi

“Badavlat kishilar pullarga ular va oila a’zolarining imkoniyatlari chegarasini kengaytiruvchi yaratuvchi vosita sifatida qaraydi”, — deb hisoblaydi Sibold.

  1. Badavlat insonlar o‘zini ifodalash uchun ishlaydi

Sibold shunday deydi: “Millionerlar faqat pul uchun ishlash — boylik yaratish yo‘lidagi eng yomon strategiya ekanligini yaxshi biladi”.

U eng yuqori maoshli ish emas, ijodiy imkoniyatlari katta bo‘lgan mashg‘ulot qidirishni tavsiya qiladi. Bunday mashg‘ulotni topganingizda o‘z sohangizning eng yaxshi mutaxassisi bo‘lish uchun chin dildan kirishing. Buning evaziga noodatiy boylik bilan mukofotlanasiz.

Comments are closed, but trackbacks and pingbacks are open.